Zelenskiy dunyoni Rossiyaning gibrid agressiyasidan himoya qilish yo‘lini aytdi

Olam 7523
image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy navbatdagi an’anaviy videomurojaatida Rossiya nefti narxini cheklash Rossiya gibrid agressiyasidan himoya elementi bo‘lishini aytdi.  

“Biz barcha Yevropa mamlakatlarida, Yevropa jamiyatlarining barcha auditoriyalarida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va tushunish uchun kurashamiz. Har safar Ukraina mudofaasi butun Yevropaning, butun demokratik dunyoning himoyasi ekanligini eslatib turamiz”, deydi u. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, G7 mamlakatlari Rossiya nefti narxini cheklash bo‘yicha kelishilgan qarorni aynan shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqish kerak.  

“Ushbu mexanizm amalga oshirilsa, u sivilizatsiyalashgan davlatlar va energiya bozorlarini Rossiya gibrid agressiyasidan himoya qilishning muhim elementiga aylanadi. Darhaqiqat, Rossiya gazining narxi ham cheklangan bo‘lishi kerak. Bugun bu haqda gapirgan Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen xonimdan minnatdorman”, deydi u. 

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga qarshi aynan shunday energiya sanksiyalari vaqti keldi.  

“Sanksiyalar nafaqat Moskvaga neft dollarlar va gaz yevrolar oqimini cheklaydi, balki Rossiya energiya bozorida sun’iy ravishda oshirilgan narx inqirozi bilan shantaj qilishga urinayotgan barcha yevropaliklar uchun adolatni tiklaydi”, deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 16
Reyting: 3
t
×