Zelenskiy dunyo mamlakatlarini ocharchilikdan ogohlantirdi
Olam
−
11 iyun 2022
10650Agar Ukraina portlaridagi g‘alla olib chiqib ketilmasa, dunyo siyosiy tartibsizlikka duch keladi va Osiyo hamda Afrika mamlakatlarida ochlik boshlanadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aytib o‘tgan.
“Oziq-ovqat tanqisligi, albatta, siyosiy tartibsizlikka, ko‘plab mamlakatlar hukumatlarining ag‘darilishiga, siyosatchilarning haydalishiga olib kelishi mumkin. Bu esa allaqachon boshlandi. Ushbu tahdidni bir qator mamlakatlarda ko‘plab kundalik tovarlar narxining osmonga ko‘tarilishi ko‘rsatib turibdi”, deydi Ukraina rahbari.
Zelenskiy, shuningdek boshqa davlatlar vakillariga Ukrainaga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirib, ushbu yordam donor davlatlarning o‘zlari uchun ham foydali ekanini qo‘shimcha qilgan. Unga ko‘ra, Ukrainaning jang maydonlarida dunyoning kelajagi hal bo‘lmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, may oyi boshida Ukrainada 4,5 million tonna g‘alla mamlakatdan olib chiqib ketilmagan, shu sabab tashkilot Rossiyani ukrain portlarni ochish hamda kemalarning xavfsiz o‘tishini ta’minlashga chaqirgan.
Bunga javoban Kreml G‘arb davlatlarini Ukrainadan g‘alla olib chiqishni to‘sib qo‘yganlikda, shuningdek noqonuniy tarzda Rossiya va Belarusga nisbatan sanksiyalar kiritganlikda ayblagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi