“Zapret”ga tushgan Yulduz, o‘zboshimchalik qilgan “Qanotchi”, “Sardoba”ga javobgar Sanginov... May nimalar bilan yodda qoldi?

Tahlil

image

2020 yilning 5 oyini ham ortda qoldirdik. Odatda may oyi to‘kin-sochinlik, boboquyosh nurini ayamagan, qulupnay, gilos kabi ne’matlar bozorlarga to‘kilgan oy bo‘lardi. Bu yil esa yog‘ingarchilik va shamol bilan qarshilangan may oyida havo u qadar issiq bo‘lmadi. Mevalar narxi ham avvalgi yillarga nisbatan ancha qimmat. Odamlarning yaqinlashayotgan yoz havosidan bahramand bo‘lishi qayoqda deysiz, hamma uyiga qamalgan.

May oyi esdaqolarli, alamli, achinarli va quvonchli voqealarga boy bo‘ldi. Mayda malomatga qolganlar ham talaygina. Ushbu maqolada bularni birma-bir ko‘zdan kechiramiz.

Sardoba fojiasi va Sanginov

1 may O‘zbekiston uchun mudhish voqea bilan boshlandi. Soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan “Sardoba” suv ombori dambasining 6-piket devori yorildi. Mingdan ortiq aholi yashash joylari suv ostida qoldi, ularning aksariyati vayronaga aylandi, yuzlab qoramollar qurbon bo‘ldi. 

Suv toshqini natijasida Qozog‘istonning O‘zbekistonga chegaradosh qismidagi Turkiston viloyati Maqtaorol tumanidagi kollektorlar (Sardoba, VS-1, VS-1.1, VS 1.1.9, VS-1.1.7, VS-18, Janubiy, D-3, Karoy, Markaziy) suv bilan to‘lgan. Turkiston viloyatidagi 10 ta qishloqni kuchli suv bosdi. 22 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.

“Sardoba” suv ombori hududi atrofida yashovchi qariyb 70 ming aholi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilindi hamda Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududida tashkil etilgan maxsus muassasalarga joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu hududga bir necha bor borib, vaziyatni o‘rgandi. Aholi yangi uylar bilan ta’minlanishini va’da qildi. 

Ushbu holat bo‘yicha malomat toshlari asosan “O‘zbekgidroenergo” AJ raisi Abdug‘ani Sanginovga otildi. Shunga qaramay, “Sardoba” suv ombori to‘g‘onidan suv toshishi oqibatlarini bartaraf etish va hodisa sabablarini o‘rganish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tuzilib, unga Sanginov ham kiritildi. 

Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv omboridagi toshqin natijasida rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 6 kishi halok bo‘lgan. 

Alisher Usmonov 15 million dollar xayriya qildi

Sardoba fojiasida zarar ko‘rgan va jabrlangan oilalarga rossiyalik o‘zbek millarderi Alisher Usmonov shaxsiy byujetidan xayriya mablag‘i ajratdi. Usmonov Sardobadagi suv toshqinida zarar ko‘rgan Qozog‘iston va O‘zbekistonga jami 15 million dollar ajratdi.

Sardoba fojiasi jabrdiydalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirildi. Ushbu xayriya mablag‘iga Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar ham yo‘naltirilgan.

Yulduz Usmonovaga chora ko‘rilmadi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Sardoba fojiasida jabrlangan oilalarga yordam ko‘rsatish maqsadida aksiya tashkil etdi, ammo aksiya yaxshilik bilan tugamadi. 4 may tongida internetning o‘zbek segmenti O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning navbatdagi chiqishi bilan “portladi”. San’atkor Instagram’dagi jonli efir muloqotida mamlakat Ichki ishlar xodimlarini ayovsiz tanqid qilib, haqoratladi.

“Aslo rozi emasman. Xalq eshitsin. Yurt-olam eshitsin”, deydi Usmonova. San’atkor hissiyotga berilib, “militsiya absolyutno ne rabotayet” so‘zlarini qo‘llaydi. “Hozir Karimov davrida yashamayapsizlar klizma olgani, shunchalik ham klizmaga o‘rganib qolasizlarmi?”, deydi Usmonova. 

U so‘zida davom etarkan, qo‘l soatiga ishora qilib xodimlar uxlab yotganini aytadi. 

“Uyat bormi, vijdon bormi? Xalqni “nalog”idan oylik olyapsanlar, nima qilyapsanlar? Bittangni topib bo‘lmayapti, hammang uxlab yotibsan”, deydi Yulduz Usmonova. 

Video so‘ngida Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlari xalq mehrini mehnat bilan qozonishi kerakligini aytarkan, jurnalistlardan ushbu voqealarni nashrlarda e’lon qilishni so‘raydi.

Xonanda efirda “Padarla’anati bo‘ldilaring bugun”, degan so‘zlarni qo‘llagan edi. Ushbu video jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Avvaliga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Bu orada Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi esa keskin bayonot bilan chiqdi. Usmonovaning harakatlari ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi. IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayotganini aytdi.

So‘ng “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandaning xatti-harakatlari Madaniyat vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashida muhokama qilinishi aytib chiqdi. Ammo, bu masalaga qaytilmadi.

IIV 5 may kuni Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishini ma’lum qilib, OAVni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga taklif qildi. Ammo sud bo‘lmadi.

Mamlakatda bo‘lib o‘tgan voqealar esa Turkiya matbuotigacha yetib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi esa Usmonovaning sudi nega o‘tmaganini ochiqladi.

Usmonova 7 may oqshomida yana bir bor Ichki ishlar xodimlari va ularning ota-onalaridan uzr so‘rab chiqdi.

May oyi oxirida esa O‘zbekistondagi barcha telekanallarda Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlariga va kliplariga taqiq o‘rnatildi. Oradan bir oy o‘tdi hamki, IIV o‘ziga nisbatan bo‘lgan tahqirlovlarga munosib javob qilolgani yo‘q. Qilolmasa ham kerak.

O‘zbekistonda karantin cheklovlari yumshatildi

5 may kuni O‘zbekistonda karantin qoidalari yumshatiladi. Xususan quyidagilarga ruxsat berildi:

•    Epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, uy ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyati bo‘yicha kuchaytirilgan sanitariya talablarini belgilagan holda, ish boshlashi uchun ruxsat berildi.

•    Stikerlar bekor qilindi va shaxsiy avtomobillardan foydalanishga ruxsat berildi. 

Toshkentda “G‘alaba bog‘i” ochildi

9 may kuni mamlakatda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi keng nishonlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida barpo etilgan “G‘alaba bog‘i”ga tashrif buyurdi. Davlat rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasiga gulchambar qo‘ydi.

Mirziyoyev bog‘ markazida barpo etilgan “Shon-sharaf” muzeyini ochib berdi, Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Ortiqxo‘jayevga oid restoran karantinda o‘zboshimchalik bilan ish boshladi

10 may kuni Toshkentdagi “Qanotchi” restorani ochilib, mehmonlarni qabul qila boshladi. Bu haqdagi xabar restoranning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilindi. Bu ko‘plab restoratorlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi. Bu orada Toshkent shahar hokimligi restoran kelishilgan holda barcha sanitariya normalariga amal qilib ochilganini iddao qilib chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Ortiqxo‘jayev hokimiyatining bayonoti yolg‘on bo‘lib chiqdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasining qayd etishicha, restoran Respublika maxsus komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan karantin talablariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik bilan faoliyat yuritgan. Shu bois restoran rahbariyati javobgarlikka tortilishi aytildi. Biroq, ushbu holat natijalari e’lon qilingani yo‘q.

Shu o‘rinda quloqqa chalingan gaplardan gaplashsak. “Qanotchi” restorani tashqi muhitda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevniki deb ko‘rib kelinadi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilishicha, restoranning ta’sischisi Rahmon Poziljonov. U bir vaqtlar “Akfa media” prodyuserlik kompaniyasiga rahbarlik qilgan. Kompaniyada faoliyat yuritgan xonanda Jahongir Poziljonovning akasi. Manbalarga ko‘ra, Ortiqxo‘jayev ham oila a’zolari bilan ko‘p bor ushbu restoranda mehmon bo‘lgan. 

Ziroat Mirziyoyeva Sirdaryoga bordi

21 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Sardoba suv ombori atrofidagi favqulodda vaziyat ro‘y bergan hududlarga tashrif buyurdi hamda suv toshqini bo‘lgan yerlardan evakuatsiya qilingan aholi bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston birinchi xonimi odamlarning ahvoli, salomatligi, vaqtinchalik yashash joylaridagi sharoit bilan tanishdi, ularga samimiy so‘zlar bilan dalda berdi.

Tashrif chog‘ida “Zamin” fondi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hamkorlikdagi ijtimoiy loyihasi e’lon qilindi. Ushbu loyiha Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 11 ta zarar ko‘rgan mahallalarda istiqomat qilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Loyihaga ko‘ra suv ostida qolgan hududlarni qayta tiklash va ulkan qurilish ishlari ketayotgan bir paytda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida yoshi 60 dan oshgan barcha qariyalar 10 kun davomida poytaxtda va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida joylashgan sihatgohlar va dam olish maskanlariga, 7 dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yozgi oromgohlarga bepul taklif etiladi.

Chashma ustidagi yoqalashma

Joriy yilning 31 may kuni Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidagi Chashma qishlog‘i va Qirg‘izistonning Botken viloyatining Chechma qishlog‘i aholisi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Keyinroq mojaro chegara hududidagi Chashma bulog‘i suvidan foydalanish ustida yuz bergani oydinlashdi.

Ikki o‘rtadagi janjalda O‘zbekistondan 187 kishi, Qirg‘izistondan 25 kishi jabrlandi. Har ikki tomondan bir nechta uyga o‘t qo‘yib yuborildi.

Yuz bergan to‘qnashuv bo‘yicha 1 iyun kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov uchrashuv o‘tkazib, tergov harakatini birgalikda olib borishga va aybdorlarni jazolashga kelishib oldi.


Maqola muallifi

Teglar

may Yulduz Usmonova Abdug'ani Sanginov

Baholaganlar

370

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing