Amerikada boykotga uchragan Yulduz Usmonova Rossiyada mukofotlandi
Madaniyat-san’at
−
18 Sentabr
49491Bugun, 17 sentyabr kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Rossiyada “Hamdo‘stlik yulduzlari” mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda TACC nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 17-19 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Ufa shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijodiy va ilmiy ziyolilarining XVI forumi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Yulduz Usmonova bilan birga ozarbayjonlik rassom Sakit Mamedov, qozog‘istonlik aktyor Tungishbay Djamanqulov ham “Madaniyat va san’atga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha mukofot bilan taqdirlandi.
Mazkur mukofot 2009 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, har yili MDH mamlakatlari vakillariga alohida davlat va umuman hamdo‘stlikni rivojlanishiga hissa qo‘shgan gumanitar sohadagi muhim yutuqlari uchun beriladi. Sovrin hajmi 2 million rublni tashkil etadi, bu yil unga 7 ta davlatdan 11 nomzod ariza topshirgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 18 aprel kuni Dushanbeda joylashgan "Qasri Millat" saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi doirasida bir guruh san’atkorlar, jumladan, Yulduz Usmonova ham Tojikiston xalq hofizi faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Yulduz Usmonovaning AQSHning Nyu-York shtatida 14 sentyabr kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lgan an’anaviy konserti Amerikadagi yahudiy diasporasining noroziligi ortidan bekor qilingandi.
LiveBarchasi