Yulduz Usmonova ijrosidagi qo‘shiqni aytgan yosh xonanda jarimaga tortildi
Madaniyat-san’at
−
18 iyul 81100 2 daqiqa
Nihol mukofoti sovrindori, xonanda Guljahon Xolxo‘jayeva qo‘shiq kuylashda muallif ruxsatini olmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamoat birlashmasi tomonidan xalq orasida “Salomiy” taxallusi bilan tanilgan shoir Abdusaid Abdusalomovga tegishli bo‘lgan “Senmiding” nomli she’r muallifning ruxsatisiz ijro etilgani yuzasidan huquqiy chora ko‘rilishini so‘rab qilingan murojaat vazirlik tomonidan o‘rganib chiqilgan.
O‘rganish mobaynida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yulduz Usmonova ijrosidagi “Senmiding” nomli qo‘shiq she’ri xonanda Guljahon Xolxo‘jayeva tomonidan muallifning ruxsatisiz foydalanganligi aniqlanib, holat yuzasidan unga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilgan va tegishli sudga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining qaroriga ko‘ra, xonandaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177 prim 1-moddasi (mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish)ning 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlandi.
Ma’lumot uchun, qonunchilikka muvofiq muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashini talab qilishga haqli hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xonanda Botir Qodirov “Shamsiddin Sadoiy” taxallusi bilan tanilgan shoir Shamsiddin To‘rayevning she’ridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortildi. Sud qarori bilan xonandadan shoir foydasiga 112,5 mln so‘m miqdorida tovon puli hamda 20 mln so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilangan. Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevga mualliflik huquqini buzgani uchun jarima jazosi tayinlangan.
Live
Barchasi