Yevropa Rossiyaga qarshi sanksiyalar uchun yangi nishon topdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya oltiniga qarshi yangi sanksiyalar ustida ishlamoqda. Bu haqda “Bloomberg” vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, xabar berdi.

Agentlik suhbatdoshlari Yevropa Ittifoqi ko‘rishi mumkin bo‘lgan choralar haqida batafsil ma’lumot bermayapti. Ta’kidlanishicha, tashkilot G7 ning Rossiyadan oltin importini taqiqlash haqidagi qarori kontekstidagi cheklovlarni muhokama qilmoqda.

28 iyun kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden G7 davlatlari Germaniyadagi sammitdan so‘ng Rossiya oltinini import qilishni to‘xtatishga qaror qilganini ochiqladi. 26 iyun kuni Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada va Yaponiya Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban Rossiya oltinini sotib olishni taqiqlaganini e’lon qildi.

Rossiya dunyodagi ikkinchi yirik oltin ishlab chiqaruvchi bo‘lib, 2021 yilda mahsulot eksporti 12,6 milliard funt (15 milliard dollardan ortiq) deb baholangan. Buyuk Britaniya, AQSH, Yaponiya va Kanada sektorga cheklovlar joriy etish rejalarini oshkor qilgandan so‘ng, London bunday choralar Rossiyaning rejalariga jiddiy zarar yetkazishi va uning armiyani moliyalash qobiliyatiga putur yetkazishi kerakligini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing