Yevropa Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalarni ko‘rib chiqmoqda, ammo...

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi vaziyat munosabati bilan Rossiyaga nisbatan cheklovlar joriy etishning qo‘shimcha imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, biroq hozircha ularni sir tutib kelmoqda. Bu haqda bugun, 7 mart kuni kuni Fransiya Iqtisodiyot, moliya va rekonstruksiya vaziri Bryuno Le Mer BFM telekanali efirida ma’lum qilgan. 

“Oldinga borishga arziydimi? Barcha variantlar stolda. Men hozircha variantlarni aytmayman va bu iqtisodiy chora-tadbirlarning samaradorligini ta’minlash uchun niyatlarimizni sir saqlashni afzal ko‘raman”, deydi u.  

Le Mer allaqachon joriy qilingan cheklovlar Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani haqidagi fikrni bildirdi va Yevropa Ittifoqi hech qachon boshqa hech bir davlatga nisbatan bunday keng ko‘lamli cheklovlarni kiritmaganini eslatdi.

Vazir “hali harakatlanish uchun joy borligini” tasdiqladi va Yevropaning boshqa davlatlaridan kelgan hamkasblari bilan kelajakdagi sanksiyalarni muhokama qilishda davom etishini qo‘shimcha qildi. Le Merning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiga nisbatan cheklovlar bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar, jumladan, 10 va 11 mart kunlari Versalda bo‘lib o‘tadigan YeI yetakchilarining uchrashuvida ham muhokama qilinadi.

“Sberbank” ham, Markaziy bank ham SWIFT tizimidan uzilgani yo‘q, biroq barcha variantlar hali ham ko‘rib chiqilmoqda”, deydi u.  

Vazir Yevropa Ittifoqi doirasida “birlikka erishish” uchun muhokamalarga qo‘shimcha vaqt zarurligini tushuntirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bir qator Yevropa davlatlari hozirda uglevodorodlar bozorida savdo operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi moliya institutlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashga tayyor emas. Chunki Finlyandiya 100 %, Germaniya esa 55% Rossiya gaz ta’minotiga bog‘langan. 

“Shu bilan birga, AQSHda vaziyat boshqacha – ular bir gramm ham Rossiya gazini import qilmaydi.  Ular Rossiya neftining importiga biznikidan ko‘ra kamroq bog‘liq”, degan Le Mer AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenning Vashington yevropalik hamkorlari bilan Rossiyadan neft yetkazib berishni taqiqlash imkoniyatini muhokama qilayotgani haqidagi so‘zlariga izoh berarkan. 

Fransiya iqtisodiy departamenti rahbarining qo‘shimcha qilishicha, bu inqirozning ta’siri dunyoda va ko‘proq Yevropa va Rossiyada AQSHdan ko‘ra ko‘proq seziladi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

134

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing