Yevropa Rossiya valyuta zaxirasi va oligarxlariga qarshi sanksiya va’da qildi
Olam
−
27 fevral 2022
7794Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Ukrainaga tajovuz qilgani uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi joriy etiladigan navbatdagi sanksiyalar paketini taqdim etdi. Bu haqda u Twitter sahifasida ma’lum qildi.
“AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Kanada va Buyuk Britaniya bilan kelishilgan holda, men YeI rahbarlariga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javobimizni kuchaytirish va Putinning urush mashinasini moliyalashtirish qobiliyatini bo‘g‘ish uchun yangi choralarni taklif qilaman”, degan fon der Lyayen.
G‘arb davlatlari birinchi navbatda ma’lum bir miqdordagi Rossiya banklarini SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzish majburiyatini oladi.
“Bu ularning butun dunyo bo‘ylab faoliyatini to‘xtatadi va Rossiya eksporti va importini samarali ravishda bloklaydi”, degan u.
Ikkinchi chora sifatida Rossiya Markaziy banki aktivlarini falaj qilish rejalashtirilgan.
“Bu ularning tranzaksiyalarini muzlatib qo‘yadi. Bu markaziy bankning o‘z aktivlarini tugatishini imkonsiz holga kelatiradi”, degan Yevropa Ittifoqi rahbari.
Eng asosiysi rus oligarxlarining moliyaviy aktivlarini Yevropa bozorlarida ishlatishi taqiqlanadi.
“Putin Ukrainani yo‘q qilishga qaratilgan yo‘lni tanladi. Lekin u o‘z mamlakati kelajagini ham barbod qilmoqda”, deya ta’kidlagan fon der Lyayen.
Avvalroq AQSH Rossiya Ukrainaga hujum qilgani uchun rasmiy Moskvaning 643 mlrd dollar miqdoridagi davlat zaxirasini bloklash ustida bosh qotirayotgani haqida xabar bergan edik.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi