“Navalniyning zaharlanishi”: Yevropa parlamenti sanksiyalarni ishga solishga qaror qildi
Olam
−
17 Sentabr 2020
5351Yevropa parlamenti (YeP) rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni talab qildi. Bu haqda YeP deputatlari tomonidan tasdiqlangan rezolyutsiyada aytilgan.
“Yevropa parlamenti qat’iy ravishda Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurash fondi tekshiruvlariga muvofiq korrupsiyaga aloqador shaxslarning Yevropadagi aktivlari haqida ma’lumot to‘plash va uni “muzlatish” imkonini beruvchi sanksiyalar mexanizmini ishlab chiqishga chaqiradi”, deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, YeP ittifoqning barcha davlatlarini “Shimoliy oqim-2” gaz quvurini qurish ishlarini yakunlashdan bosh tortishga hamda tezlik bilan inson huquqlari buzilgani uchun manzilli sanksiyalar joriy qilishga chaqiryapti.
Rezolyutsiyada YeIning Rossiya bilan munosabatlarini strategik qayta baholash va Moskvani G7 kabi xalqaro forumlardan yakkalash siyosatini davom ettirish zarurligi ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, zudlik bilan YeI, BMT va Yevropa Kengashi va KQTT ishtirokida Navalniy bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan xalqaro surishtiruv boshlash talab qilingan.
532 nafar parlamentariy rezolyutsiyani yoqladi, 84 nafari qarshi bo‘ldi va 72 nafari o‘z ovozini bermadi.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Navalniy Tomskdan Moskvaga samolyotda qaytayotganda tobi qochib, zudlik bilan Omskdagi shifoxonaga yotqizilgan. Uning tarafdorlari Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushgan. Ammo ikki kun davomida Omskdagi shifoxona shifokorlari uni ko‘chirishga ruxsat bermadi. Siyosatchining tarafdorlari bunda Kremlning qo‘li borligini iddao qildi.
Navalniy Berlinga olib ketilgach, Germaniya Hukumati 2 sentyabr kuni u “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Rasmiy Berlin Rossiyadan bu bo‘yicha izoh talab qildi. Fransiya va Shvetsiyadagi mustaqil laboratoriyalar ham Navalniyning tahlillarini tekshirib, u zaharlanganini tasdiqlagandi.
Moskva esa Navalniydan olingan tahlil natijalari zaharlanishni ko‘rsatmaganini ta’kidlamoqda. Bu ham yetmaganidek, Germaniyaning ayblovlariga javoban Rossiya G‘arb davlatlari va NATOni "Novichok" guruhiga kiruvchi kimyoviy modda o‘ylab topishda aybladi.
Shuningdek, "Reuters" agentligi Navalniyni Omskdagi shifoxonadan Germaniyaga ko‘chirish uchun ruxsat bevosita Kremldan kelganini ma’lum qildi.
Hozirda Navalniy xushiga kelgan. U zaharlanganidan keyingi ilk suratini itimoiy tarmoqqa joylashtirdi.
LiveBarchasi