Yevrokomissiya Rossiya ko‘miriga embargo qachondan kuchga kirishini ma’lum qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqining Rossiya ko‘mirini sotib olish bo‘yicha embargosi energetika inqiroziga qaramay, joriy yilning 10 avgust kuni kuchga kiradi va barcha YeI davlatlari unga rioya qilishlari kerak. Bu haqda bugun, 4 avgust kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda Yevrokomissiya rasmiy vakili Erik Mamer ma’lum qildi. 

Rossiya ko‘mirini yetkazib berishga bo‘lgan embargo Rossiya Federatsiyasiga qarshi beshinchi sanksiyalar paketining bir qismidir.

Erik Mamerning ta’kidlashicha, 10 avgustda xaridlarga ruxsat berilgan o‘tish davri tugaydi. U Yevropa Komissiyasi nomidan barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari embargoga rioya qilishiga ishonch bildirdi.

Yevrokomissiya vakilining fikricha, Rossiyaning Ukrainadagi bosqini YeIga yashil energetikaga o‘tish imkonini beradi, chunki ittifoq mamlakatlari qazib olinadigan energiya manbalaridan, jumladan, Rossiya uglevodorod yoqilg‘ilaridan voz kechmoqda.

“Energetika balansidagi taqchillikni qoplash uchun Yevropa Ittifoqi davlatlari hozirda faqat ko‘mirdan foydalanishlari mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Erik Mamer.

Rossiya ko‘mirini Yevropa Ittifoqiga yetkazib berishni taqiqlash “2022 yil avgustidan boshlab ko‘mir va boshqa qattiq yoqilg‘ilarni, agar ular Rossiyadan ishlab chiqarilgan bo‘lsa yoki Rossiyadan eksport qilinsa, sotib olish, import qilish yoki Yevropa Ittifoqiga o‘tkazishni taqiqlashni” nazarda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 iyul kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan yettinchi sanksiyalar paketini ma’qulladi.

Unga Rossiyadan oltinni taqiqlash, yangi eksport nazorati va “Sberbank” aktivlarini muzlatish ham kiritilgan. Shuningdek, ro‘yxatdan 48 nafar shaxs, jumladan, Rossiya hukumati Bosh vazir o‘rinbosarlaridan biri va bir qancha mintaqaviy rahbarlar o‘rin olgan. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

2

Reyting

2.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing