YeI Ukraina uchun og‘ir qurollar sotib oladi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Ukrainani Rossiyaga qarshi qo‘llab-quvvatlash uchun og‘ir qurollar sotib olib, uni Kiyevga bepul yetkazib berishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishel ma’lum qildi.

“Xavfsizlik nuqtai nazaridan bu haqda ko‘p yangilik bo‘lmaydi. Lekin biz sizga bu qurollarni yetkazib berish bo‘yicha o‘z majburiyatimizga sodiq qolamiz.

Urush boshlanganidan ikki kun o‘tgach, prezident Zelenskiy menga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni muvofiqlashtirishni so‘raganini juda yaxshi eslayman. Bu Yevropa Ittifoqi uchun juda og‘ir qaror edi, biz buni ilgari qilmaganmiz. Lekin biz buni bir necha soat ichida uddaladi”, degan Mishel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri o‘tgan ikki oy ichida YeI European Peace facility orqali allaqachon 1,5 milliard yevro ajratgan.

“Va bu ko‘plab Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning ikki tomonlama darajada kelayotgan qo‘llab-quvvatlashiga qo‘shimcha. Lekin bu yordam yetarli emas, biz bundan ham ko‘proq qilishimiz kerak va qilamiz”, degan Mishel.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomiga ega bo‘lish yo‘lida talab qilinadigan anketani to‘ldirgan.

8 aprel kuni Yevrokomissiya rahbari fon der Lyayen Kiyevga tashrifi chog‘ida Zelenskiyga so‘rovnoma topshirdi, uning to‘ldirilishi Ukrainaga YeI a’zoligiga nomzod maqomini berish uchun zarur qadam hisoblanadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing