YeI Ukraina bilan birdamlik fondi yaratadi 

Olam

image

Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlari Rossiya “harbiy operatsiyasi” yakunlanganidan keyin mamlakatni qayta tiklashni moliyalashtirish uchun Ukraina bilan birdamlik trast fondini yaratishga kelishib oldi. Bu haqda Bryusselda birinchi ish kuni yakunlangan YeI sammiti bayonotida aytiladi.  

“Rossiyaning harbiy agressiyasi Ukrainaga yetkazgan vayronagarchilik va katta yo‘qotishlarni hisobga olib, Yevropa Ittifoqi Ukraina hukumatini uning shoshilinch ehtiyojlarini qondirish va Rossiya hujumi tugagach, demokratik Ukrainani qayta tiklash uchun qo‘llab-quvvatlash majburiyatini oladi. Shu maqsadda Yevropa Kengashi Ukraina bilan birdamlik trast fondini tashkil etishga rozilik bildiradi va xalqaro hamkorlarini ishtirok etishga taklif qiladi, shuningdek, tayyorgarlikni kechiktirmasdan boshlashga chaqiradi”, deyiladi bayonotda. 

Sammit ishtirokchilari, shuningdek, Kiyevga Liviya va Suriyaga yordam ko‘rsatish uchun muntazam o‘tkaziladigan konferensiyalar kabi xalqaro donorlar konferensiyasini o‘tkazishga va’da bergan. 

Hujjatda Yevropa Ittifoqi Ukrainaga siyosiy, moliyaviy, moddiy va gumanitar yordam ko‘rsatishda davom etishi ta’kidlangan. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari, shuningdek, Rossiya va Belarusga qarshi yangi qattiq sanksiyalar joriy etishga tayyor ekanliklarini bildirgan. 

“Yevropa Ittifoqi bo‘shliqlarni yopish hamda sanksiyalarni amalda va mumkin bo‘lgan chetlab o‘tishning oldini olishga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi va Belarusga qarshi yanada muvofiqlashtirilgan qat’iy sanksiyalarni qo‘llash sari olg‘a borishga tayyor”, deyiladi hujjatda. 

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari rahbarlari Ukrainaga gaz va elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlashga tayyor ekanliklarini bildirgan. 

“Yevropa Ittifoqi Ukrainani uzluksiz elektr energiyasi va gaz bilan ta’minlash tarafdori”, deyiladi bayonotda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

6

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing