YeI Rossiyaning yetti bankini SWIFT tizimidan o‘chirmoqchi
Olam
−
02 mart 2022
7796Yevropa Ittifoqi elchilari Rossiyaning yetti bankini SWIFT xalqaro moliyaviy xabarlar tizimidan uzish bo‘yicha kelishib oldi. VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF uchun SWIFT tizimiga kirish yopiladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar bergan. Ro‘yxat yakuniy qabul qilinishidan oldin o‘zgartirilishi mumkinligi aytilgan.
Qaror bilan tanish bo‘lgan agentlik manbalarining ta’kidlashicha, SWIFT’dan uzilish ushbu moliya institutlari uchun Rossiyadan bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi va Ukrainadagi harbiy operatsiyaga javoban yana bir chora bo‘ladi.
Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan ba’zi davlatlar, shu jumladan Polsha, SWIFT tizimiga kirish taqiqlangan banklar sonini ko‘paytirishni talab qilgan. Suhbatdoshlarning qo‘shimcha qilishicha, “Sberbank” va “Gazprombank” SWIFT tizimidan uzilmagan, Yevropa Ittifoqi bunday qadamning Yevropa uchun mumkin bo‘lgan oqibatlari – Rossiyadan javob choralari, jumladan, energiya ta’minoti qisqartirilishidan qo‘rqadi.
G‘arb davlatlari joriy yilning 26-27 fevralida Yevropa komissiyasi, AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya va Kanadaning qo‘shma bayonotini e’lon qildi. Unda Rossiyaning ayrim banklarini SWIFT’dan o‘chirish rejasi aytilgandi. SWIFT 11 000 dan ortiq moliya institutlari va kompaniyalari bilan xavfsiz aloqani ta’minlaydi va global moliyaviy tizimda markaziy o‘rin egallaydi. Tizimga kirish imkonsizligi mamlakat iqtisodiyotiga katta iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi