YeI davlatlari yangi sanksiyalar paketi bo‘yicha kelishib oldi
Olam
−
08 aprel 2022
4653Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiyaga qarshi beshinchi sanksiyalar paketi bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Yevropa davlatlari dastlab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan Rossiya ko‘mirini import qilishni taqiqlash parametrlari bo‘yicha kelishib olishga muvaffaq bo‘lishgan. Rossiyaga qurol eksportini yakuniy taqiqlash ham kelishib olingan.
“Rossiyaga qarshi bu juda mazmunli chora-tadbirlar paketi sanksiyalarni yangi sohalarga kengaytiradi. Xususan, gap bir nechta Rossiya banklarining aktivlarini muzlatish, Rossiyadan ko‘mir importini taqiqlash, Rossiyaga qarshi qurol embargosi, Rossiyaga, xususan, yuqori texnologiyali mahsulotlarni eksport qilishni taqiqlash haqida ketmoqda”, deyiladi YeIning rasmiy bayonotida.
Taqiqlangan eksport tovarlari hajmi 10 milliard yevroga baholanmoqda, “xomashyo va muhim materiallar” importidagi cheklovlar esa 5,5 milliard yevrolik tovarlarga ta’sir qiladi.
Bundan tashqari, beshinchi sanksiyalar paketi doirasida Rossiya bayrog‘i ostidagi savdo kemalarining Yevropa portlariga kirishi taqiqlandi, Rossiya yuk tashuvchilarining Yevropa Ittifoqiga kirishi taqiqlandi.
Tez orada yangi sanksiyalarning to‘liq ro‘yxati e’lon qilinadi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, qator davlatlar Rossiyadan neft importini ham taqiqlashni talab qilishgan. Biroq, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bu band alohida muhokama qilinishini ta’kidlagan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi