Yashirin tayinlovlar silsilasi. Odiljon Abduqahhorov yana “O‘zbekkonsert”ga direktor bo‘ldi

Madaniyat-san’at

image

Odiljon Abduqahhorov yana “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori lavozimiga tayinlangan. Bu haqda muassasa matbuot xizmati tomonidan ham va Madaniyat vazirligi rasmiylari tomonidan ham axborot berilgani yo‘q. 

Abduqahhorovning “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga direktor bo‘lgani kecha, 11 mart kuni Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda ijro intizomining bajarilish holati yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishdan ma’lum bo‘lmoqda.

Yig‘ilish haqidagi matbuot xabarnomasida aytilishicha, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi rahbari Anvar Tojiboyev, Respublika baxshichilik san’ati markazi rahbari Umidjon Norboyev, Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori Fotih Jalolovlarga ijro intizomi holati yuzasidan tashkilotda amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha vazifalar berilgan.

Odiljon Abduqahhorov 2020 yildan buyon Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi. Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan axborotdan ko‘rinadiki, Abduqahhorov “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktorligiga tayinlanishi ortidan uning o‘rni – Xalqaro festivallar direksiyasi direktori lavozimini Fotih Jalolov egallagan. 

Biroq “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi saytining rahbariyat bo‘limida muassasa direktori o‘laroq hamon Sanjar Erdanov nomi keltirilgan. Abduqahhorov esa qachon bu lavozimga tayinlangani, avvalgi direktor nima sababdan va qachon lavozimidan ozod etilgani ma’lum emas. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Ichki ishlar va Adliya vazirligi tizimlarida ham xuddi shunday yashirin tayinlovlar amalga oshirilgan edi. Avvaliga Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning lavozimidan ozod etilgani xabar qilinmay, sabablari aytilmay turib, uning o‘rniga Toshkent shahar IIBB boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Aziz Toshpo‘latov tayinlandi. Keyinroq vazirning birinchi o‘rinbosari – Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i polkovnik Shavkat Rahmonov imi-jimida g‘oyib bo‘ldi. Uning o‘rnini kecha, 11 mart kuni Andijon viloyati IIBni boshqargan polkovnik Ayubxon Toshxo‘jayevich Rahmatullayev egalladi

O‘tgan haftada esa 2019 yildan buyon Adliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Xudoyor Meliyevning ishdan ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q, Adliya vazirligi hamon Meliyevning iste’fosi haqida miq etmay kelmoqda. 

Ma’lumot uchun, 41 yashar Odiljon Abdug‘aniyevich Abduqahhorov Namangan muhandislik-iqtisodiyot instituti va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. “Kamolot” YOIH Namangan viloyat bo‘limi Kengashi, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasida ishlagan.

2017-2020 yillarda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga rahbarlik qilgan. 2020 yilda Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. 2020-2023 yillarda Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi, 2023 yilda hozirgacha ushbu direksiya direktori lavozimida ishlagan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekkontsert Odiljon Abduqahhorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing