“Meni ayol sifatida himoya qiling”. Lola kiyinishi haqidagi haqoratlarga izoh berdi
Madaniyat-san’at
−
20 aprel
52268Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Lola Yo‘ldoshevaning konsertda kiyib olgan kiyimi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ba’zi tarmoq foydalanuvchilari uni turli xil so‘zlar bilan haqoratlab, xonandani jazolashni so‘ragan. Shundan so‘ng, “O‘zbekkonsert” binosida xonandaning ushbu davlat muassasasi vakili bilan suhbati aks etgan video paydo bo‘ldi.
Videodagi erkak xonandani yaxshi bilishi va hurmat qilishini, ammo “gap yanada ko‘paymasligi” uchun qo‘shiqchi bilan suhbat olib borilganini yozishini aytgan.
“Busiz yana xabarlar ko‘payib ketadi”, deydi “O‘zbekkonsert” vakili.
Endi holat bo‘yicha “O‘zbekkonsert” bergan munosabatga qaraydigan bo‘lsak, muassasa vakili aytganidek, xuddi shunday bayonot berilgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan voqeaga oydinlik kiritish maqsadida joriy yilning 18 aprel kuni xonanda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga taklif etilib, holat yuzasidan suhbat olib borildi. Xonandaga yana bir marta litsenziya talablari eslatildi. Shu o‘rinda, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi barcha san’atkorlardan sahna madaniyatiga rioya etishlarini so‘rab qoladi”, deyiladi munosabatda.
Ammo xonanda Lola “O‘zbekkonsert” vakili bilan suhbatda muassasa unga tanbeh berishini emas, balki ayol sifatida himoya qilishini istashini aytgan.
“Erkaklar buni ko‘rib, yomon izohlar yozishmoqda. Bu har bir ayol bilan sodir bo‘lishi mumkinligini aytishingizni xohlardim”, deydi xonanda yig‘lagan holda.
Shundan so‘ng, Lola o‘zining Instagram sahifasida holat bo‘yicha munosabatini yozib qoldirdi.
“Odamlar shov-shuvga intilib, o‘z qilmishlari bilan kimningdir hayotini, taqdirini, o‘ziga bo‘lgan ishonchini sindirishi mumkinligini o‘ylamay, odamiyligini yo‘qotib qo‘yayotganliklari juda achinarli. Tasodifan yo‘l qo‘ygan xatosi uchun ayolni kamsitish va ezish, hammaning oldida kaltaklash o‘ta darajada pastlikdir. Har kim qoqilishi mumkin. Allohning o‘zi barchaga hukm chiqaruvchi Oliy hakamdir”, deya yozgan xonanda.
Shuni qayd etish kerakki, ushbu voqeadan so‘ng bir qancha taniqli shaxslar uni qo‘llab-quvvatlab tarmoqlarda post qoldirdi.
Masalan, aktrisa Asal Shodiyeva shunday yozadi:
“O‘zbek xalqi azal-azaldan o‘zining bag‘rikengligi, mehr-oqibati, urf-odatlari, ayolga bo‘lgan cheksiz hurmati bilan mashhur bo‘lgan, chunki u qiz, opa-singil, ona va buvidir. Hozir Lola bilan sodir bo‘layotgan barcha voqealar meni chuqur qayg‘uga solmoqda. Yulduzlarimiz bilan faxrlanish, ijodkorlikni, o‘ziga xoslikni qadrlash o‘rniga, ularni so‘ndirib, qanotlarini yulib, kamsitishmoqda, Lolaning sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushirishyapti. Ayol sha’niga dog‘ tushiradigan videoni tarqatishning hojati yo‘q, hozir ham, kelajakda ham. Lolani qo‘llab-quvvatlaylik”.
“Yuksalish” harakati rahbari, deputat Bobur Bekmurodov ham holatga munosabat bildirdi:
“Lola Yo‘ldosheva qaysi qonunni buzdi? Javob – hech qaysi”, deya qayd etgan u X'dagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, xonanda Lola Yo‘ldosheva o‘zbek san’atiga dastavval aktrisa sifatida “Sevinch” va “Kelgindi kuyov” filmlaridagi rollari orqali kirib kelgan. Qo‘shiqchilik faoliyatini Maya taxallusi bilan, asosan, rus tilida qo‘shiq kuylashdan boshlagan. U bugungi kunda ham o‘zbek va rus tillarida birdek ijod qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda Lola Yo‘ldoshevaning “Sevgingni ayt menga” qo‘shig‘i va unga ishlangan klipi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgandi. E’tiborlisi shundaki, klip shunchaki shou-biznesning navbatdagi mahsuli emas, balki so‘z erkinligi, byurokratiya va jamiyatdagi taqiqlarga qarshi boykot sifatida qabul qilindi.
LiveBarchasi