“O‘zbekkonsert”ni xabardor qilmasdan xorijda konsert bergan san’atkorlar jazolanadi
Olam
−
29 Oktabr
14779“O‘zbekkonsert” davlat muassasasini xabardor qilmasdan xorijda konsert bergan san’atkorlarning litsensiyasi bekor qilinadi. Bu haqda “O‘zbekkonsert” matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida konsert-tomosha tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasini yozma ravishda xabardor qilish shartligi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 2022-yil 22-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash pasporti” talablariga ko‘ra, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasini yozma xabardor qilmasdan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida konsert-tomosha tadbirlarini amalga oshirish litsenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
“Shu o‘rinda, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi bunday faoliyat noqonuniy ekanligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va rejalashtirishda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasini xabardor qilgan holda faoliyat yuritishlari lozimligi to‘g‘risida ogohlantiradi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, hozirda ushbu talablarga rioya qilmay xorijda konsert dasturlarini rejalashtirib o‘tkazayotgan xonandalar yo‘q emas.
“Litsenziya talab va shartlariga rioya qilmagan san’atkorlarning litsenziyasi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan muddatidan oldin to‘xtatilishi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda o‘tkaziladigan konsertlar repertuarining milliy an’analar va umumbashariy qadriyatlarga mos kelishi tekshirilishini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
LiveBarchasi