Muzey, teatr va kinoga borish qarishni sekinlashtirishi mumkin – tadqiqot
Bu qiziq
−
26 iyul 1450 2 daqiqa
Muzeylar, teatrlar, kino va konsertlarga muntazam borish 50 yoshdan oshgan odamlarning fiziologik qarishini sekinlashtirishi mumkin. Bu haqdagi tadqiqot “ScienceDaily” jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, Tokio fan instituti olimlari Angliyada o‘tkazilgan qarish bo‘yicha tadqiqotning 1899 nafar ishtirokchisi ma’lumotlarini tahlil qilgan. Ularning barchasi Angliyada yashagan va kuzatuvlar boshlanganda yoshi 50 dan baland bo‘lgan.
Ishtirokchilarning holati kamida ikki marta – 2004 va 2009 yillarda baholangan. Tibbiyot xodimlari qon bosimi, o‘pka faoliyati, gemoglobin va xolesterin darajasi, tana massasi indeksi, kaft kuchi, yurish tezligi va boshqa ko‘rsatkichlarni o‘lchagan. Ushbu ma’lumotlar asosida olimlar har bir ishtirokchining fiziologik yoshini hisoblab chiqqan. Bu ko‘rsatkich organizmning qanchalik yaxshi ishlayotganini ko‘rsatadi va insonning haqiqiy yoshidan farq qilishi mumkin.
Ishtirokchilar kino, muzey, san’at galereyalari, teatr, konsert va operaga qanchalik tesh-tez borishlari haqida so‘zlab bergan. Ularning madaniy faolligi 0 dan 15 ballgacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholangan. Madaniy tadbirlarga kamida bir necha oyda bir marta tashrif buyurgan odamlarda o‘rtacha fiziologik yosh 66,9 yoshni tashkil etgan. Kamroq faol ishtirokchilarda esa – 69,9 yoshni ko‘rsatgan.
Madaniy faollikning har bir qo‘shimcha balli fiziologik yoshning o‘rtacha 31 kunga kichikroq bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Bu bog‘liqlik daromadlar, bandlik, surunkali kasalliklar va boshqa omillar hisobga olingandan keyin ham saqlanib qolgan.
Mualliflarning taxmin qilishicha, madaniy hordiq ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashi, ruhiy sog‘liqni qo‘llab-quvvatlashi va sog‘lom turmush tarziga yordam berishi mumkin. Ularning so‘zlariga ko‘ra, aniqlangan bu bog‘liqlik muntazam jismoniy faollik paytida kuzatiladigan natija bilan tenglashadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 100 yosh va undan ortiq umr ko‘rish faqat turmush tarzi bilangina emas, balki qadimgi ajdodlardan meros bo‘lib qolgan genetik omillar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi