Yaponiya ertaga Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritishi kutilmoqda
Olam
−
07 aprel 2022
5123Yaponiya yaqin kunlarda Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar e’lon qiladi. Bu haqda Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida ma’lum qildi.
“Rossiyaga qarshi yangi choralarga kelsak, ular 8 aprel yoki undan keyingi kunlarda e’lon qilinadi”, degan u.
Yaponiya bundan avval Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga qarshi bir nechta cheklovlar paketini qabul qilgan. 100 dan ortiq kishi, jumladan, mamlakat rahbariyati vakillari, amaldorlar va ishbilarmonlar yakka tartibdagi sanksiyalar ostida qolgan. Bundan tashqari, Yaponiya “Otkritiye” banki, Novikombank, Sovkombank, VTB, “Rossiya” banki, Promsvyazbank va VEB.RF aktivlarini muzlatib qo‘ygan.
Eksporti taqiqlangan tovarlar va texnologiyalar ro‘yxatiga esa dengiz va aviatsiya xavfsizligini ta’minlash uchun uskunalar, telekommunikatsiya uskunalari, aloqa vositalari, harbiy mahsulotlar, jumladan, qurol-yarog‘, dasturiy ta’minot, neftni qayta ishlash uskunalari kabi 300 dan ortiq tovarlar kiritilgan. Bundan tashqari, Rossiyaga hashamatli tovarlar, jumladan, qiymati 6 million iyendan (taxminan 49 ming dollar) ortiq bo‘lgan qimmatbaho avtomobillarni yetkazib berishga taqiq joriy etilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi