Yakkalanib qolgan Putin qo‘shni davlatlarga ogohlantirish signali yubordi
Olam
−
04 mart 2022
79242Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning qo‘shnilariga nisbatan yomon niyati yo‘qligini ta’kidlab, barchani munosabatlarni normallashtirish haqida o‘ylashga chaqirdi.
“Anton Andreyevich (Alixanov - Kaliningrad viloyati gubernatori), siz qo‘shni davlatlar haqida aytdingiz, men yana bir bor ta’kidlamoqchiman, , biz bu haqda doimo gaplashib kelganmiz, qo‘shnilarimizga nisbatan yomon niyatimiz yo‘q. Shuningdek, ularga vaziyatni keskinlashtirmaslikni, hech qanday cheklovlar qo‘ymaslikni maslahat bergan bo‘lardim, biz barcha majburiyatlarni bajaryapmiz va bajarishda davom etamiz”, degan Putin “Marshal Rokossovskiy” paromida davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimida. videokonferensiya orqali ishtirok etib.
U so‘zida davom etib, munosabatlarni yomonlashtirish uchun hech qanday sabab ko‘rmayotganini aytgan.
“Biz bu yerda munosabatlarimizni keskinlashtirish yoki yomonlashtirish zaruriyatini ko‘rmayapmiz. Va bizning barcha harakatlarimiz, agar ular paydo bo‘lsa, ular doimo Rossiya Federatsiyasiga qarshi qandaydir nodo‘stona xatti-harakatlarga javoban paydo bo‘ladi”, degan Putin.
RF Prezidenti barcha munosabatlarni normallashtirish va hamkorlik qilish hamda to‘g‘ri rivojlanish kerak, degan fikr bildirgan.
Qayd etish kerakki, Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin kiritishi ortidan rivojlangan davlatlar Moskvaga qarshi qaqshatqich sanksiyalar joriy qila boshladi. Oqibatda rubl qadrsizlandi. Rossiya xalqaro maydonda yakkalanib qoldi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi