Vengriyada Ukrainadagi urush sabab favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
25 may 2022
9536Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainadagi urush tufayli mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Orbanning so‘zlariga ko‘ra, bu chora mamlakat hukumatiga “manevr qilish va Ukrainadagi voqealar oqibatlariga darhol javob berish imkoniyatini” beradi.
“Biz urush va Bryusselning sanksiyalari ulkan iqtisodiy zarbalar va narxlarning keskin oshishiga olib kelganini ko‘ryapmiz. Dunyo iqtisodiy inqiroz yoqasida. Hukumat konstitutsiyadagi o‘z huquqidan foydalangan holda, yarim tundan (25 may) boshlab favqulodda holat e’lon qiladi”, degan Bosh vazir Ukrainadagi urush Vengriyaning energetika va moliyaviy xavfsizligiga tahdid solayotganini ta’kidlab.
Vengriya hukumati favqulodda holat doirasidagi birinchi chora-tadbirlarni bugun, 25 may kuni e’lon qilishi kutilmoqda.
Vengriya Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi sababli Yevropa Ittifoqi sanksiyalarining oltinchi paketi doirasida Rossiya neftining importiga embargo joriy etilishiga qarshi chiqmoqda. Mamlakat vakillari taqiq uning iqtisodiyotiga katta zarar yetkazishini ta’kidlamoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi