Valeriy Zalujniy yangi lavozimga tayinlandi
Olam
−
08 mart
10268Ukraina Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning nomzodi mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi lavozimiga tasdiqlandi. Bu haqda Respublika Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“2024 yil 7 mart, payshanba kuni Ukraina Prezidenti Valeriy Zalujniyning Ukrainaning Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga nomzodini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
TIV rahbari Dmitriy Kulebaning aytishicha, Zalujniyning Buyuk Britaniyaga elchi etib tayinlanishi mantiqiy qadamdir.
“U 2020 yilda “Xalqaro munosabatlar” bo‘yicha magistr darajasini olgan. Shuning uchun bu mantiqiy qadam deb o‘ylayman. Men esa Tashqi ishlar vazirligi rahbari sifatida Londondagi bunday kuchli natijadan manfaatdorman”, deydi vazir.
Unga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy barcha omillarni hisobga olgan va Zalujniyni bu lavozimga eng maqbul nomzod deb topgan.
“Buyuk Britaniya strategik hamkor, harbiy ishlar va Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri. Shuning uchun yangi elchi chuqur harbiy bilimga ega bo‘lishi kerak edi”, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Bundan tashqari, TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Zalujniy Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari bilan parda ortidagi diplomatiya sharoitida Kiyevga ko‘p foyda keltiradi. Vazirning ta’kidlashicha, "Global janub" deb ataladigan ko‘plab mamlakatlarning elchixonalari Londonda joylashgan, shuning uchun ham "u yerga duch kelgan odam yuborilmaydi".
Qayd etish joizki, Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi lavozimi 2023 yil iyul oyi o‘rtalaridan beri bo‘sh turgan edi. Oldingi elchi Vadim Pristayko Prezident Zelenskiyni tanqid qilganidan so‘ng ishdan bo‘shatilgandi.
Ma’lumot uchun, Zalujniy 2021 yildan beri Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni bo‘lib kelayotgandi. Joriy yilning 8 fevralida u mazkur lavozimini tark etgan. Bungacha bir necha hafta davomida ommaviy axborot vositalarida Zelenskiy bilan kelishmovchiliklar fonida bosh qo‘mondonning iste’foga chiqishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Bosh qo‘mondon iste’foga chiqqanidan so‘ng egallashi mumkin bo‘lgan lavozimlar orasida Milliy xavfsizlik va mudofaa xizmati rahbari va Yevropa davlatlaridan biridagi elchi lavozimlari ham bor edi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Zalujniy unga iste’foga chiqqanidan keyin diplomatiyaga kirishni afzal ko‘rishini aytgan.
LiveBarchasi