O‘ziga kelgan Navalniy Rossiya huquq-tartibot idoralariga talab qo‘ydi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2020
11080Rossiyalik muxolif siyosatchi, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi Aleksey Navalniy tanasida asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda topilganini ma’lum qildi. Shu sababdan muxolifatchi Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan o‘zini Germaniyaga jo‘natish vaqtida olib qolingan kiyimlarini qaytarishni talab qildi.
Navalniyning so‘zlariga ko‘ra, uning barcha kiyimlari 22 avgust kuni Germaniyaga jo‘natilayotganda yechib olingan. U o‘tgan 30 kunda ushbu muhim dalilni yashirish uchun “tergovga qadar surishtiruv” o‘tkazilganini ta’kidlagan.
“Tanamda “Novichok” topilganini hisobga olsak, zaharlash uchun vosita mening kiyimlarim bo‘lgan – muhim buyum. Qonunga ko‘ra o‘tkazilgan 30 kunlik tergovga qadar tekshiruv muddati tugadi. Men kiyimlarimni tartib bilan yelim paketga o‘rab, qaytarishligini talab qilaman”, deydi Navalniy.
Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish 19 sentyabr kuni muxolifatchi Tomskda qolgan mehmonxona nomerida zahar izlari aniqlanganini ma’lum qilgandi.
Aleksey Navalniyga nima bo‘ldi?
Muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.
Ular Navalniyni Germaniya olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.
Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi.
Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.
14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafa oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.
Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida.
Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.
Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.
Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.
LiveBarchasi