O‘zbekning joni temirdanmi? 60 foiz davlat xizmatchilari ish vaqtidan tashqari ishlatiladi
Jamiyat
−
08 avgust 2023
8012O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining 57,3 foizi ish vaqtidan tashqari qo‘shimcha ishlarga jalb qilinadi. Ushbu statistika “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijasida shakllantirilgan.
Qayd etilishicha, “Yuksalish” harakatining mazkur so‘rovida 560 nafar davlat xizmatchisi qatnashgan. Ulardan 57,3 foizi belgilangan vaqtdan tashqari ishlashga majbur bo‘lgan. Qo‘shimcha mehnat qilganlarning 36,8 foizi har kuni 1-2 soat kechroq ishini yakunlashini ma’lum qilgan bo‘lsa, 13,9 foiz xodimlar 22:00 gacha, 6,4 foizi esa hatto 24:00 ga qadar ish joyida bo‘lishga majbur bo‘lishi aytilgan.
“Yuksalish” so‘rovida majlisbozliklar muammosi ham o‘rganilgan. Unda aniqlanishicha, davlat xizmatchilarining 41,3 foizi haftasiga 4 soatgacha, 11,4 foizi 5-7 soat hamda 15,8 foizi 8 soatdan ko‘p vaqtini majlislar zalida o‘tkazadi. Tadqiqotga ko‘ra, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida majlis va yig‘ilishlar o‘tkazishni boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq “xush ko‘rishadi”.
Shuningdek, so‘rov natijasida oddiy mutaxassislarning qariyb 70 foizi, rahbar kadrlarning esa uchdan bir qismi qo‘shimcha vaqtlarda ishlashi ayon bo‘lgan. Bunda erkak xodimlarning 67,6 foizi, ayollarning esa 32,4 foizi ish vaqtidan tashqari xizmat qiladi.
Albatta, yuqoridagi statistika nisbiy bo‘lishi mumkin, ammo umumiy holat haqida birmuncha tasavvurga ega bo‘lish uchun yetarli.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrda qabul qilingan “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori orqali davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida yig‘ilishlar sonini kamaytirish belgilangan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021 yil 27 yanvarda o‘tkazilgan yoshlarning bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida majlisbozlikni to‘xtatish kerakligi ta’kidlangan edi. 2021 yil 10 fevral kuni Prezident raisligida 2021 yilgi Davlat dasturini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Bosh vazir Abdulla Aripovga mahalla raislari va uchastka nozirlarini hokimiyatga majlisga chaqirishni qat’iyan taqiqlash bo‘yicha topshiriq berilgandi. Davlat rahbari 2022 yilning 18 iyul kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ham majlisbozlikni kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 iyul kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida tunda hokimiyat majlisiga chaqirilgan ayol Nexia bosib ketishi oqibatida halok bo‘lgan edi. Bundan avval Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, Buxoro, Vobkent va G‘ijduvon tumanlarida mahalla raislari va hokim yordamchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Keyinroq qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunga yo‘l qo‘ymaslik, dam olish kunlari ishga jalb etilgan xodimlarga ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi yoki xodimning istagiga qarab boshqa dam olish kuni (otgul) berish bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan yozma ko‘rsatma va inspeksiya rahbari tomonidan viloyat hokimi nomiga taqdimnoma kiritilgan.
LiveBarchasi