Tunda majlisga chaqirilgan ayol Nexia bosib ketishi oqibatida vafot etdi
3-sahifa
−
22 iyul 2023
25222Samarqand viloyatida tunda hokimiyat majlisiga chaqirilgan ayol Nexia bosib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Keltirilishicha, voqea joriy yilning 19 iyul kuni Pastdarg‘om tumanida yuz bergan. Marhuma “Otarchi” mahallasida oila va xotin-qizlar faoli bo‘lib ishlab kelgan. U hokimiyat yig‘ilishga borayotganida yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tgan va shu payt Nexia rusumli avtomobil haydovchisi tezlikni oshirib, yo‘lning chap qismidan o‘ng qismiga o‘tayotgan ayolni urib yuborgan. Buning oqibatida ayol olgan tan jarohatlari sabab hayotdan ko‘z yumgan.
Marhumaning yaqinlariga ko‘ra, o‘sha kuni bemavrid vaqtda ayol hokimlik binosiga ish yuzasidan yig‘ilishga chaqirilgan. Ayol hatto yaqin qarindoshining to‘yiga ham bormasdan hisobot tayyorlagan va shoshib uyidan chiqib ketgan. Ammo tungi soat 23:00 da ayol haqida shum xabar kelgan.
“Mazkur holat yuzasidan Pastdarg‘om tumani Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyilgan vazirlik xabarida.