O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi tayinlandi
Jamiyat
−
23 iyul
6055Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasining Shvetsiya qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Nodir G‘aniyev lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. U O‘zbekistonning Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Bildirilishicha, yangi tayinlangan elchi Nodir G‘aniyev Fransiya poytaxtiga yetib borgan. U 2018-2023 yillarda mamlakatning Parijdagi elchixonasiga rahbarlik qilgan va Hindistondagi elchi etib tayinlangan Sardor Rustamboyev o‘rniga tayinlandi.
Qayd etish joizki, 2022 yilda O‘zbekistonning Stokgolmdagi diplomatik vakolatxonasi ochilib, u mamlakatning xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo‘lganida Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Shvetsiya qirolligidagi Muvaqqat ishlar vakili etib tayinlangan. 2023 yilda esa G‘aniyev O‘zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ish boshladi. Shu yilning noyabr oyida u Stokgolm shahrida Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustavga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Ma’lumot uchun, 53 yoshli diplomat Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. U 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparat va mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.
G‘aniyev Shvetsiyaga jo‘nab ketishidan oldin TIVning Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan. U ingliz, arab, rus va fransuz tillarini biladi.