O‘zbekistonni zimistonda qoldirgan blekautning sababi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
16 mart 2022
27889Joriy yilning 25 yanvar kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energotizimida yuz bergan avariyaga O‘zbekiston energetika tizimida elektr ta’minotidagi uzilish sabab bo‘lgan. “Energia” muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazining uch davlat energiya tizimlari operatorlari vakillari ham kirgan maxsus komissiya o‘tkazilgan tekshiruv natijasida shunday xulosaga kelgan.
Komissiya avariyaga O‘zbekiston energetika tizimidagi uzilish sabab bo‘lganini aniqlagan. Qayd etilishicha, 25 yanvar kuni Nur-Sulton vaqti bilan soat 11:59 da “Sirdaryo” IESni 500 kV kuchlanishli “Toshkent” podstansiyasi bilan bog‘lovchi tugunda (yacheykada) qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.
Qisqa tutashuv natijasida 1 va 2-500 kV shina tizimlarining differensial himoyasining haddan tashqari ishlashi “Sirdaryo” IESda ishlab chiqarishning sezilarli darajada qisqarishiga, elektr stansiyasiga tutashgan elektr tarmog‘ida bir necha marta uzilishlarga sabab bo‘lgan va Qozog‘iston Yagona elektroenergiya tizimining 500 kV Shimoliy-Sharqiy-Janubiy tranzitlari uchun 2100 MVt qo‘shimcha bosib yuzaga keltirgan. Bu esa belgilangan me’yordan 7 baravar ko‘p.
“KEGOC” AJ elektr tarmoqlari va Qozog‘iston janubidagi elektr stansiyalarining avariya avtomatlari tizimdagi avariya holatlarida energiya tizimini ajratish talablarini inobatga olgan holda normal rejimda ishlagan. Shuning sharofati bilan Qozog‘istonning janubiy zonasidagi iste’molchilarning ta’minotdan to‘liq uzilishining oldini olishga muvaffaq bo‘lingan. Blekaut vaqtida mamlakat janubidagi iste’molchilarning qariyb 60 foizi elektr energiyasi bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston energetika tizimlari to‘liq quvvatsizlantirilgan.
KEGOC’ning ta’kidlashicha, Qozog‘istonda avariya oqibatlarini bartaraf etish uchun 4 soat vaqt ketgan. O‘zbekistonda esa blekaut oqibatlari 27 yanvar kuni to‘liq bartaraf etilgani e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 yanvar kuni soat 11:00 larda O‘zbekistonning qator viloyatlarida elektr energiyasi ta’minoti uzildi. Buning ortidan poyezdlarning manzilga yetib borish vaqti kechiktirildi. Elektrdagi uzilish suv ta’minotini ham to‘xtatib qo‘ydi.
Keyinroq, qo‘shni mamlakatlar — Qozog‘iston va Qirg‘izistonning qator hududlarida ham elektr energiyasi uzildi. O‘zbekistonda esa barcha aeroportlar faoliyati cheklandi.
O‘zbekiston Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida Olma-ota, Chimkent, Taras, Turkiston (viloyatlarida) va atrof hududlarida Elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelgan.