Markaziy Osiyoda blekaut. Nima bo‘ldi?

Olam

image

Bugun, 14 avgust kuni Markaziy Osiyoning to‘rtta mamlakatida – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda keng ko‘lamli elektr energiyasi uzilishlari yuz berdi.

Qozog‘iston

Olmaota shahri va Olmaota viloyatining 10 ta tumanida qisman blekaut KEGOC kompaniyasiga tegishli bo‘lgan 500 kVli L-5400, L-5300 va L-5320 uchta yuqori voltli elektr uzatish tarmog‘ining avariyaviy o‘chishidan so‘ng sodir bo‘ldi. Bu haqda “Alatau Jariq Kompaniyasi” xabar berdi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, avariya mahalliy vaqt bilan soat 14:38 da yuz bergan. Tarmoqlar o‘chganidan so‘ng “Alatau Jariq Kompaniyasi” tarmoqlarida avtomatik avariyaga qarshi tizim ishga tushgan, natijada iste’molchilarning bir qismi chiroqsiz qolgan. O‘chirilgan yuklama hajmi taxminan 300 MVtni tashkil etgan.

Qozog‘iston Energetika vazirligi mamlakatdagi elektr uzilishlarini Markaziy Osiyo energetika tizimi tomonidan elektr energiyasi oqimining keskin o‘zgarishi bilan izohlagan.

“Natijada avariyaga qarshi tizim ishga tushdi va bu Qozog‘istonning ayrim hududlarida bir qator elektr energiyasi iste’molchilarining uzilib qolishiga olib keldi”, deyiladi xabarda.

Hozirda tizim operatori “KEGOC” AJ tomonidan zarur qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Ba’zi hududlarda elektr ta’minoti allaqachon tiklangan.

Qirg‘iziston

Bishkek aholisi ham elektr energiyasidagi uzilishlar haqida xabar berdi. Qirg‘iziston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 14 avgust kuni soat 15:34 da Qozog‘istondagi yuqori voltli tarmoqda tashqi o‘chish sodir bo‘lgach, mamlakat energetika tizimi vaqtinchalik izolyatsiya qilingan rejimda ishlashga o‘tgan.

“Uzilish Qozog‘iston energetika tizimining shimoliy va janubiy qismlarini bog‘laydigan tarmoqda sodir bo‘ldi. Natijada Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimi izolyatsiya qilingan energetika tuguniga ajralib chiqdi, avtomatik tizim esa uskunalarni saqlab qolish uchun reglamentga muvofiq ishga tushdi”, deyiladi xabarda.

Tojikiston

Tojikiston OAVlari xabar berishicha, mahalliy vaqt bilan soat 15:15 larda Dushanbe, Ko‘lob, Xo‘jand, Vahdat, Norak, Hisor, Shahrinav, Bobojon G‘afurov tumani, Rog‘un va bir qator boshqa hududlar aholisi elektr energiyasi o‘chirilganini ma’lum qilgan. Tojikiston Energetika va suv resurslari vazirligi sodir bo‘lgan voqeaning aniq sababi hozircha aniqlanmaganini bildirgan.

Bir vaqtning o‘zida Energetika vazirligi keng ko‘lamli uzilishga go‘yoki “Norak” GESdagi avariya sabab bo‘lgani haqida tarqalgan ma’lumotlarni rad etgan.

“Norak” GESda go‘yoki sodir bo‘lgan avariya haqidagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emas”, deyiladi idora xabarida.

O‘zbekiston

O‘zbekistonda uzilishlar, asosan, Surxondaryo viloyatiga ta’sir ko‘rsatgan.

O‘zbekiston Energetika vazirligi qo‘shni davlat energetika tizimidagi avariya Markaziy Osiyo energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatganini, oqibatda mintaqaning yagona energetika tizimi ishida uzilish yuz berganini ma’lum qilgan. Hozirda mutaxassislar sodir bo‘lgan voqeaning sabablarini aniqlamoqda va oqibatlarini bartaraf etmoqda. Iste’molchilarni elektr bilan ta’minlash bosqichma-bosqich tiklanmoqda, tarmoqlarga kuchlanish ketma-ket berilmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing