Surxondaryoda blekaut. Markaziy Osiyoning katta shaharlari ham chiroqsiz qoldi

Jamiyat

image

Markaziy Osiyoning qator shaharlari, jumladan, O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatida ham elektr energiyasi uzilishi kuzatildi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘shni mamlakatning energetika tizimida yuz bergan avariya Markaziy Osiyo energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatgan. Natijada Surxondaryo va boshqa ayrim viloyatlarning elektr ta’minotida uzilish kuzatilgan.

Hozirgi vaqtda energetiklar tomonidan elektr ta’minoti bosqichma-bosqich tiklanmoqda. Qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga ko‘ra, yagona energetika tizimida bir necha pog‘onali avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi oqibatida respublikaning ayrim hududlarida favqulodda o‘chishlar kuzatilgan. Ayni paytda mutaxassislar sodir bo‘lgan nosozlik sabablarini aniqlab, uning oqibatlarini  bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.

“Tarmoqlarga navbatma-navbat kuchlanish berish ishlari amalga oshirilmoqda. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

“24.kg”ning yozishicha, Bishkekda ham elektr energiyasida qisqa muddatli uzilish yuz bergan. Mamlakat Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mutaxassislar sodir bo‘lgan hodisaning sabablari va tafsilotlarini o‘rganmoqda. 

Tojikiston OAVlari ham elektr ta’minotidagi muammolar haqida xabar bermoqda. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Dushanbe va mamlakatning boshqa shaharlari aholisi elektr uzilishlariga duch kelmoqda.

“Tengrinews” ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 14 avgust kuni soat 14:38 da KEGOC kompaniyasiga tegishli bo‘lgan 500 kilovolt kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlarida avariyaviy o‘chish yuz bergan. Oqibatda halokatga qarshi avtomatika tizimi ishga tushgan, uzilish esa Olmaota shahri va Olmaota viloyati iste’molchilariga ta’sir qilgan. O‘chirilgan yuklama hajmi 300 megavattni tashkil etgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing