“Suv yo‘q, elektr yo‘q”. Kuba aholisi yana zulmatda qoldi

Olam

image

Kubada elektr tarmog‘i yana to‘liq uzildi, orol bo‘ylab millionlab odamlar elektrsiz qoldi. Joriy yilning yanvar oyidan buyon mamlakatda elektr tarmog‘ining to‘liq yoki qisman ishdan chiqishi kamida 6 marta kuzatildi. Bu haqda “Associated Press“ xabar berdi.

Elektr ta’minotidagi uzilish kecha, 18 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida mamlakatning markaziy va g‘arbiy qismidagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalarida yuzaga kelgan nosozlik ortidan boshlangan. Nosozlik dastlab hududdagi elektr tizimining, jumladan, Matansas provinsiyasigacha bo‘lgan qismining qulashiga sabab bo‘lgan, shundan so‘ng orolning sharqiy qismi ham elektr tarmog‘idan uzilib qolgan.

Kuba Energetika va konlar vazirligi elektr ta’minotini tiklash bo‘yicha protokollar ishga tushirilganini ma’lum qilgan. Kuba Milliy elektr ittifoqi vakili Feliks Estrada ham tizimni bosqichma-bosqich tiklash ishlari boshlanganini bildirgan.

Kechga borib Gavanadagi elektr iste’molchilarining atigi 5 foiziga elektr qayta yetkazib berilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtda jami 862 mingga yaqin elektr iste’molchisi bor. Kamaguey, Pinar-del-Rio va Granma provinsiyalarida elektr ta’minotini tiklash uchun kichik “mikro-orollar” tashkil etilgan. Shifoxonalar va boshqa shoshilinch xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini elektr bilan ta’minlaydigan ayrim tizimlar ham qayta ishga tushirilgan.

Gavanada esa shaharning katta qismi kechgacha qorong‘ulikda qolgan. Ayrim hududlarda, asosan shifoxonalar atrofida elektr ta’minoti tiklangan.

“Bu doimiy elektr uzilishlariga hech kim chiday olmaydi. Oziq-ovqat yetarli emas, suv yo‘q, elektr yo‘q – biz nimalarni boshdan kechirayotganimizni tasavvur ham qila olmaysiz. Mamlakat juda ayanchli ahvolga tushib qoldi”, degan Gavanada yashovchi 60 yoshli Mersedes Rodriges.

Elektr tarmog‘ining beqaror holatini noqulay ob-havo sharoiti ham yanada og‘irlashtirgani aytilmoqda.

Kubaning eskirgan elektr ishlab chiqarish tizimi yillar davomida yonilg‘i tanqisligi va infratuzilmaning yaroqsizligi sabab jiddiy bosim ostida qolib kelmoqda. AQSHning yanvar oyida Kubaga nisbatan joriy qilgan energetika cheklovlari esa vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.

Mazkur cheklovlar Kuba issiqlik elektr stansiyalarini ishlatish uchun zarur yonilg‘i hamda eskirgan infratuzilmani ta’mirlash uchun kerak bo‘ladigan ehtiyot qismlarni import qilishini qiyinlashtirgan. Shundan buyon Kubaga faqat bir marta yonilg‘i tashuvchi tanker yetib kelgan – u mart oyida Rossiyadan yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kubada joriy yil boshidan buyon bir necha bor blekautlar yuz bergan. Xususan, joriy yilning 17 mart kuni Kubada taxminan 10 million kishi elektrsiz qolgan. Shuningdek, 21 mart kuni elektr energiyasi butunlay o‘chib qolgan. Bundan tashqari, 6 iyul kuni Kubada butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi uzilib, oqibatda qariyb 10 million aholi elektr ta’minotidan uzilgan. Shu bilan birga, 10 iyul kuni to‘rtinchi bor butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi butunlay o‘chib qolgan. Joriy yilning 2 avgust kuni soat 22:43 da esa mamlakat milliy elektr energetikasi tizimi to‘liq o‘chib qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing