100 yoshing muborak, Kastro!

Tahlil

image

Fidel Kastro — ushbu fenomen Karib havzasidagi kichik orollar tizimidan turib butun dunyoga o‘z ovozini yetkaza olgan kam sonli shaxslardan biri. Undan hammada har xil xotira qolgan, uni hamma o‘zicha ta’riflaydi, turli davlatlarning tarix kitoblarida u haqida turlicha yozishadi. Ba’zilar uni mamlakatni qariyb yarim asr boshqargan “tiran” yoki diktator deb hisoblasa, boshqalar uni mamlakatni ozodlik sari olib chiqqan inqilobchi deb biladi.

Keng tarqalgan bir fikr bor, bugun uning sharofati bilan Kuba inqirozli holatda. AQSH sanksiyalari uzoq vaqtdan beri bu davlatni bo‘g‘ib kelmoqda. Qaysidir ma’noda bu gaplarda jon bor, ammo Kastrosiz Kuba AQSHning qo‘g‘irchog‘iga aylangan taqdirda ham bugun u rivojlangan mamlakatlar qatorida bo‘lishiga hech kim kafolat berolmaydi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham bugun kubaliklar uni ayblashmayapti, qaytaga eng og‘ir pallada ham uning nomini yod etib, sharaflashmoqda. 13 avgust kuni Gavanada marhum inqilobchi xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan katta tadbir ham uning mamlakatda milliy qahramon darajasida ko‘rilishining yaqqol isboti bo‘ldi.

Kastro hayotiga nazar

Fidel Kastro haqida gap ketganda, odatda inson xayoliga sersoqol, harbiy libosda, bir qo‘lida sigara tutgan inqilobchi keladi. Yana kimlarningdir yodida Gitlernikidan qolishmaydigan jo‘shqin nutqlari bilan qolgan bo‘lsa ajab emas. Ammo uning shaxsiyati, oq-qora rasmlarda ko‘ringanidan ancha kengroq.

Fidel Alexandro Kastro Rus 1926 yil 13 avgustda Kubaning Oriyente provinsiyasidagi Biran hududida tug‘ildi. Ota-onasi boyvachcha ispan muhojiri bo‘lgani uchun Kastroning bolaligi klassik qahramonlarnikidek og‘ir o‘tgan deyish qiyin. Moliyaviy qiyinchiliklarsiz ulg‘aygan Fidel avval nufuzli “Colegio Belen” kollejida, keyinchalik Gavanadagi universitetda huquqshunoslik bo‘yicha ta’lim oldi. U bir vaqtning o‘zida uch yo‘nalish: Fuqarolik huquqi, Siyosiy fanlar va Ijtimoiy huquq bo‘yicha mutaxassislikka ega bo‘ldi. Ammo universitet faqat ta’lim maskani emas, turli talabalar harakatlarining markazi ham edi. Aynan talabalik yillarida uning siyosiy qarashlari shakllana boshladi.

Kastro dastlab kommunist sifatida tanilmagan. U ko‘proq millatchi va antiimperialist edi. AQSHning Lotin Amerikasi va Karib havzasidagi siyosatiga qarshi chiqardi. Keyinchalik esa mamlakatdagi kambag‘allar va boylar o‘rtasidagi tafovutni kapitalistik tizim bilan bog‘lay boshladi. Marksizm esa tobora uning nazarida muammolarning yechimi sifatida shakllana boshladi.

1952 yil general Fulxensio Batista harbiy to‘ntarish orqali hokimiyatni egalladi. Bunday keng ko‘lamli inqilob ortida esa Vashington turar edi. Saylovlar bekor qilindi. Batista kutilganidek, AQSH bilan yaqinlasha boshladi. Kasaba uyushmalari va sotsialistik guruhlarga bosim kuchaydi. Mamlakatga kapitalizm va demokratiya zo‘rma-zo‘raki tiqishtirila boshlandi.

Qiyin davrlar kuchli odamlarni yaratadi deganlaridek, butun dunyoga mashhur Fidel Kastroning shakllanishiga aynan mana shunday og‘ir siyosiy vaziyat sabab bo‘ldi. 1953 yil 26 iyul kuni u o‘sha paytdagi mashhur Ortodokslar partiyasi yoshlar qanotining bir nechta a’zosi bilan Monkadadagi harbiy kazarmaga hujum uyushtirdi. Ammo operatsiya muvaffaqiyatsiz tugadi. Kastro qo‘lga olindi va qamoqqa tashlandi.

Har qancha g‘alati eshitilmasin, aynan shu sud uning foydasiga ishladi. Mana shu voqeadan keyin inqilob g‘oyasi keng omma orasida virusdek tarqala boshladi. Uning mashhur nutqi keyinchalik “Tarix meni oqlaydi” nomi bilan chindan tarixga kirdi.

Qamoq uzoq davom etmadi. Ozodlikka chiqqach, Kastro Meksikaga ketdi. U yerda ukasi Raul va argentinalik shifokor Ernesto Che Gevara bilan birga “M-26-7” yoki 26 iyul inqilobiy guruhini shakllantirdi. 1956 yilda esa ular Kubaga qaytdi. Serra-Maestra tog‘larida partizan urushi boshlandi. Ikki yildan ortiq davom etgan janglardan so‘ng Batista mamlakatdan qochishga majbur bo‘ldi. 1959 yil yanvar oyida Kastro Gavanaga kirib keldi. Inqilob g‘alaba qozondi.

To‘ntarishdan keyin Kastro “boshqaruv kursisiga” shoshilmadi. Sobiq sudya va inqilobni qo‘llab-quvvatlagan Manuel Urrutiya Leo vaqtinchalik prezident etib belgilandi. Advokat va huquqshunos bo‘lgan Xose Miro Kardona esa bosh vazir bo‘ldi.

Shunga qaramay, Kastro allaqachon tizim ichida edi. Har qanday qarorga ta’sir eta olar, Kuba Qurolli Kuchlari Bosh Qo‘mondoni lavozimida mamlakatdagi haqiqiy siyosiy va harbiy kuchni nazorat etardi.

1959 yilda esa chinakamiga siyosiy maydonga qadam tashladi va bosh vazirlikni ham o‘z bo‘yniga oldi. Kastro hokimiyatga kelgan paytda uning harakatida turli siyosiy kuchlar bor edi, ya’ni hamma birdek kommunist emasdi. Kastroning o‘zi ham dastlab Kuba Kommunistik partiyasi bilan ochiq ittifoq tuzishdan ehtiyot bo‘lgan. Chunki bunday keskin qadam mo‘’tadil qatlamlarni qo‘rqitishi mumkin edi.

U hammasini natsionalizatsiyadan boshladi. AQSH ta’sir kuchini kamaytirish asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi. Bu yo‘lda Kastro hukumatda tobora ko‘proq vakolatni o‘z qo‘liga to‘play boshladi. Yer islohoti o‘tkazildi. Yirik korxonalar davlat nazoratiga o‘tdi. AQSH kompaniyalariga tegishli korxonalar ham milliylashtirildi. Kastro tanqidchilari va siyosiy muxolifatga bosim kuchaydi.

Matbuot ustidan nazorat o‘rnatildi. Minglab bosimga chiday olmagan mutaxassislar, jumladan shifokorlar va muhandislar mamlakatni tark etdi.
Shunday qilib, Kastro inqilobi asta-sekin siyosiy inqilobdan iqtisodiy va mafkuraviy inqilobga aylanib bordi. Aynan shu nuqtada AQSH bilan uzoq yillik kurash boshlandi.

Vashington Fidel Kastroning siyosatiga javoban Kuba shakarining AQSH bozoridagi kvotasini qisqartirdi va keyinchalik eksport cheklovlarini joriy etdi. Gavana esa AQSHga tegishli boshqa korxonalarni ham milliylashtirishni davom ettirdi.

Biroq tez orada vaziyat oddiy iqtisodiy mojarodan kengayib ketdi. Vashington Kastro hukumatini shunchaki diplomatik bosim bilan cheklab qolmadi. 1960 yilda Eyzenxauer ma’muriyati Markaziy razvedka boshqarmasiga Kastro hukumatini ag‘darish uchun maxfiy operatsiya tayyorlashga ruxsat berdi. Keyinchalik Kennedi ma’muriyati davrida bu siyosat Cho‘chqalar qo‘ltig‘idagi bosqin bilan yakunlandi.

1961 yil 17–20 aprel kunlari Kastro boshchiligidagi Kuba hukumatini ag‘darib tashlash maqsadida 1400 dan ortiq kubalik muhojir-ko‘ngillilar guruhi mamlakatning janubiy qismidagi Cho‘chqalar qo‘ltig‘iga desant qilib tushirildi. Ammo operatsiya muvaffaqiyatsiz tugadi.

Aynan AQSHning bu bosqini Kastroning sotsializm yo‘lini yanada tezlashtirdi.

1961 yil 16 aprel kuni, bosqin arafasida Kastro ilk bor Kuba inqilobini ochiqchasiga sotsialistik inqilob deb e’lon qildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, mamlakat siyosiy tizimi lenincha model asosida qayta qurila boshlandi.

Kuba bir partiyali davlatga aylandi. Xususiy mulkning katta qismi davlat tasarrufiga o‘tdi. Iqtisodiyotni markazlashgan rejalashtirish boshlandi. Ta’lim va sog‘liqni saqlash davlat tomonidan moliyalashtirila boshlandi. Shu bilan birga, matbuot erkinligi ham cheklana boshladi va siyosiy muxolifat bostirildi.

U kapitalizmni Kuba muammolarining asosiy manbalaridan biri deb ko‘rdi. Uning nazarida mamlakat mustaqilligi faqat siyosiy mustaqillik bilan tugamasdi. Iqtisodiy jihatdan ham AQSHga qaram bo‘lmaslik kerak edi.

Ammo mustaqillikning ham o‘z badali bor. AQSH shartlariga rioya qilmagani uchun Gavana ommaviy sanksiyalar botqog‘iga uloqtirildi.

AQSH bilan munosabatlar uzilgan sari Moskva bilan aloqalar mustahkamlandi. Kuba Sovet Ittifoqiga shakar yetkazib berdi. Evaziga neft, o‘g‘it, sanoat mahsulotlari va kredit oldi. AQSH kompaniyalari nazoratidagi neftni qayta ishlash zavodlari sovet neftini qayta ishlashdan bosh tortgach, Kastro ularni ham milliylashtirdi.

Shu tariqa Kuba iqtisodiy jihatdan Sovet blokiga tobora ko‘proq bog‘lanib bordi. 1962 yil bu blok butun dunyoni cho‘chitib yubordi. Sovet Ittifoqi Kubaga yadroviy raketalar joylashtirdi. Chegaralaridan atigi 145 kilometr uzoqlikka asosiy dushmanining eng xavfli qurolini olib kelishi Vashingtonni cho‘chitib yubordi. Bunga javoban AQSH dengiz blokadasini o‘rnatdi. Dunyo bir necha kun davomida yadroviy urush yoqasida turdi.

Uzoq davom etgan Sovuq urush tugadi hamki, AQSH va Kuba o‘rtasidagi sovuq munosabatlar tugamadi. 2016 yilda Kastro vafot etdi, ammo uning og‘riqli merosi kubaliklar bilan qoldi.

Kastro merosi

Fidel Kastro shundoqqina Amerikaning burni ostida turib uning g‘oyalariga qarshi tura oldi. Neokolonizatsiya davrida Kubaning mustaqilligini saqlab qola oldi. Garchi bu mustaqillik yetarlicha muammolar olib kelgan bo‘lsa-da, marhum diktatorning merosini faqat iqtisodiy inqiroz bilan o‘lchash ham noto‘g‘ri bo‘ladi.

Inqilobdan keyin ta’lim va tibbiyot tizimlariga katta e’tibor berildi. Savodxonlikni oshirish kampaniyalari o‘tkazildi. Sog‘liqni saqlash tizimi kengaytirildi. Qishloqlarga davlat xizmatlari olib kirildi.

Shu sababli Kastroni qo‘llab-quvvatlovchilar uni oddiy diktator emas, ijtimoiy tenglikni ta’minlashga uringan rahbar sifatida ko‘radi. Uning tarafdorlari uchun Kuba AQSHning iqtisodiy va siyosiy bosimiga qaramay o‘z yo‘lini tanlagan davlat edi.

Ammo barchasi bunday silliq emas. Davlat iqtisodiyot ustidan deyarli to‘liq nazorat o‘rnatdi. Siyosiy raqobat yo‘qoldi. Muxoliflar qamoqqa tashlandi yoki mamlakatni tark etdi. Matbuot erkinligi cheklangan edi.

Kastro hokimiyatni shunchaki ushlab turmadi. U butun siyosiy tizimni o‘z hokimiyatini saqlab qolishga moslashtirdi. 1976 yilgi Konstitutsiyadan keyin Kommunistik partiya mamlakatning asosiy siyosiy kuchiga aylandi. Kastro esa partiya rahbari sifatida 2011 yilgacha qolib, deyarli yarim asr davomida uning boshqaruv markazida bo‘ldi. Shu nuqtada u “buyuk inqilobchi”dan “tiran”ga (hokimiyatni noqonuniy yo‘l bilan egallab olgan hamda uni qonun-qoidalarga bo‘ysunmagan holda boshqaradigan shaxs) aylandi.

1991 yil Sovet Ittifoqining parchalanishi Kuba uchun halokatli zarba bo‘ldi. Mamlakat asosiy iqtisodiy hamkoridan ayrildi. Energiya va savdo muammolari kuchaydi. Kuba “Maxsus davr” deb atalgan og‘ir iqtisodiy bosqichga kirdi. Ammo Kastro o‘z tizimidan, mafkurasidan voz kechmadi.

Biroq “Maxsus davr” ayrim cheklovlarni yumshatishga majbur qildi. Kichik xususiy korxonalarga ruxsat berildi, fermer bozorlariga yo‘l ochildi, AQSH dollari qonuniy muomala vositasiga aylantirildi. Emigratsiyaga qo‘yilgan ayrim cheklovlar ham yumshatildi.

U sotsializmni saqlab qolish uchun ayrim kapitalistik mexanizmlardan foydalanishga ham tayyor edi. Ammo o‘zak o‘zgarmadi. Fidel Kastro 2016 yil 25 noyabrda 90 yoshida vafot etdi. 2006 yildan boshlab vakolatlarini ukasi Raulga topshira boshlagan edi.

Kastro Kubani o‘zgartirdi, uni AQSHning qo‘g‘irchog‘i bo‘lishidan saqlab qoldi. Bu bahsga o‘rin qoldirmaydigan haqiqat.

Tug‘ilgan kuning bilan, Kastro!

13 avgust kuni Kuba inqilobi rahbari Fidel Kastro tavalludining 100 yilligi mamlakatdagi og‘ir iqtisodiy inqiroz sharoitiga qaramay nishonlandi. Yubiley tadbirlarida Lotin Amerikasi, Yevropa, Afrika va Osiyoning 60 dan ortiq davlatidan 1,5 mingdan ziyod faollar va hamjihatlik tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

E’tiborli jihati shundaki, Trampning hokimiyatga kelishi Kuba bilan munosabatlarni yanada taranglashtirdi. Yanvar oyida AQSH prezidenti Kuba hukumatiga bosim o‘tkazish uchun orolga neft embargosini joriy qilgandi. Bundan tashqari, qolgan sanksiyalar ham kuchaytirilgan.

Shunday vaziyatda Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel Kastroni nafaqat tarixiy shaxs sifatida, balki “bugungi kunda, 2026 yilgi haqiqiy Kubada oldimizda turgan qiyinchiliklarni yengib o‘tishda qo‘llanma sifatida ham eslab qolish muhimligini” qo‘shimcha qildi.

“Fidelning merosi bugungi kunda bizga har qachongidan ham kuchliroq sado bermoqda”, dedi Kuba prezidenti.

AQSH siyosati orol bo‘ylab keng ko‘lamli oqibatlarga olib keldi. Aksariyat viloyatlarda elektr ta’minotidagi uzilishlar kuniga 20 soatdan ham oshmoqda.

Bu oziq-ovqat ishlab chiqarish, transport va turizm faoliyatini izdan chiqarib, Kubaning milliy elektr tizimini texnik qulash yoqasiga olib keldi. Faqat iyul oyining o‘zida elektr tarmog‘ida uch marta butun mamlakat bo‘ylab uzilish yuz berdi.

Inqirozga javoban Kuba hukumati iyun oyida mamlakatning sotsialistik iqtisodiyotini xususiy va xorijiy investitsiyalar uchun ochishga qaratilgan 176 ta chora-tadbirni ma’qulladi.

Bu esa Kuba kapitalizmni yoppasiga qabul qiladi, degani emas. Ammo mamlakat o‘zining qattiq markazlashgan iqtisodiy modelini yumshatishga majbur bo‘layotgani aniq. Kastro qurgan tizim asta-sekin o‘zgarmoqda. Uning 100 yilligi esa ana shu o‘zgarishlar fonida nishonlanmoqda.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing