Turkiya Eron bilan aviatsiya va bank aloqalarini uzishni boshladi

Olam

image

AQSH tomonidan Eron aviatsiya sohasiga qarshi joriy etilgan sanksiyalar Turkiyani Eronga o‘z reyslarini bekor qilishga va uning aviakompaniyalaridan birining parvozlarini taqiqlashga majbur etdi. Bundan tashqari, Eron bilan hamkorlik qilayotgan banklar ham zarba ostida qoldi. Bu haqda “Middle East Eye” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkiyaning Turkish Airlines milliy aviatashuvchisi, shuningdek, Pegasus va AJet aviakompaniyalari AQSH sanksiyalari kuchga kirgan 21 sentyabrdan e’tiboran Eronga barcha reyslarni bekor qilgan. Dastlabki ikki kompaniya saytlarida 2027 yilning martigacha Eronga reyslar umuman qolmagan, Pegasus esa o‘z bron qilish tizimidan bu kabi barcha reyslarni o‘chirib tashlagan. 

“Turkish Airlines hatto yarim yildan keyin ham parvozlarni qayta tiklashiga hech qanday kafolat yo‘q”, deydi kompaniya vakili “Iran International”ga. 

Shuningdek, “Middle East Eye” nashrining yozishicha, Turkiya AQSH tomonidan Eronning Mahan Air tijorat aviakompaniyasiga xizmat ko‘rsatgan turk kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy etilgach, unga o‘z hududiga uchishni taqiqlagan. 

Mahan Air 2011 yildayoq AQSHning “qora ro‘yxati”da bo‘lgan, 8 sentyabr kuni esa AQSH mamlakatni “qurol-aslaha, harbiylar va noqonuniy yuklarni” tashish imkoniyatidan mahrum qilish maqsadida Eronning barcha 27 ta aviakompaniyasiga qarshi sanksiya kiritgan.

Bundan tashqari, cheklov choralari ostiga eronliklarga xizmat ko‘rsatgan vositachi va soxta firmalar, shuningdek, boshqa mamlakatlar, jumladan BAA va Turkiya kompaniyalari tushgan. 

“Bu qolgan Eron aviakompaniyalari bilan biznes yuritayotganlar uchun ogohlantirish bo‘lsin: siz global moliyaviy tizimdan uzilib qolish xavfi ostidasiz”, deydi AQSH Moliya vaziri Skott Bessent.

Hozircha Turkiya boshqa Eron aviakompaniyalarining parvozlariga taqiq qo‘ygani yo‘q. Ammo o‘tgan dam olish kunlari u mamlakatda bir necha o‘n yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan Eronning Bank Mellat bankidan litsenziyasini qaytarib olgan. Shuningdek, bank regulyatori Golden Global Investment Bank’ni o‘z nazoratiga olgan. Ushbu bank 2019 yilda islom qoidalari bo‘yicha ishlaydigan, ya’ni foizsiz xizmatlar ko‘rsatuvchi birinchi turk investitsiya bankiga aylangan.

AQSH hozirda Golden Global Investment Bank’ga qarshi Eron hukumati foydasiga moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirgani uchun sanksiyalar kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning iqtisodiy qamali kuchaytirilishi fonida Tehron Vashington tomonidan harbiy bosim yumshatilgan va qamal olib tashlangan taqdirda Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnoviga qayta ruxsat berishga tayyorligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing