Eron ikkita shart bilan Hormuzni ochishga tayyorligini e’lon qildi

Olam

image

Eron agar AQSH harbiy bosimni yumshatsa va Eron portlaridan blokadani olib tashlasa, yetti kun ichida Hormuz bo‘g‘izini ochishga tayyor. Bu haqda “Reuters”ga ismi oshkor qilinmagan yuqori martabali Eron mulozimi ma’lum qildi. 

“AQSH masalani diplomatik yo‘l bilan hal qilish niyatida ekanini e’lon qilishi, buni rasman amalga oshirishi, so‘ngra ushbu jarayonni ilgari surish muddatlari va tartibini kelishib olishi kerak. BMT Bosh Assambleyasi – bu AQSH uchun diplomatiyaga qaytishning ajoyib imkoniyatidir”, deydi Eron mulozimi.

Shuningdek, u BMT Bosh Assambleyasidagi Eron delegatsiyasi hozirda Nyu-Yorkda ekanini hamda AQSH bilan maslahatlashuvlarni qayta boshlash vakolatlariga ega ekanini qo‘shimcha qilgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning 20 sentyabr kuni Eron markaziy harbiy qo‘mondonligi AQSH mintaqa mamlakatlari qo‘llab-quvvatlovi ostida harbiy harakatlarni qayta boshlashga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ma’lumot olganini ma’lum qilgan va bu Tehron tomonidan “cheklovlarsiz va hech narsaga qaramasdan” javob choralariga olib kelishidan ogohlantirgan.

Shunga qaramay, Eron tomoni muloqotdan voz kechayotgani yo‘q. “Reuters” havola qilayotgan Eron mulozimining so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 16 sentyabr kuni Tehron vositachilar orqali AQSHga Vashington bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv tafsilotlarini topshirgan. Ushbu tafsilotlar Nyu-Yorkda uchinchi tomonlar vositachiligida muhokama qilinishi mumkin. “Reuters” manbasining so‘zlariga ko‘ra, BMT qarorgohida ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasida shaxsiy uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilmagan.

Nashr manbasi Tehronda nima uchun aynan Hormuz bo‘g‘izini ochish uchun yetti kun haqida gapirilayotganiga aniqlik kiritmagan. Eron tomoniga bo‘g‘ozni minalardan tozalash uchun shuncha vaqt kerak bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida AQSH va Isroil tomonidan Eronga qarshi harbiy kampaniya boshlanguniga qadar Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish erkin va xavfsiz edi. Eron AQSH va Isroil tomonidan qilingan tajovuzga javoban uni to‘sib qo‘ydi, oqibatda trafik urushdan oldingi darajaga nisbatan 90 foizga kamaydi. Hozirgi davrda ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralar jarayonida ko‘zga tashlanadigan siljishlar kuzatilmayapti. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili Husayn Mohebiy Eron AQSH tomonidan hujumlar qayta boshlangan taqdirda, yangi qurollarni qo‘llagan holda ilgari zarba berilmagan Amerika ob’ektlariga hujum qilishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing