Markaziy Osiyodagi blekautda Qozog‘iston va Qizg‘iziston bir-birini aybladi
Olam
−
12:57 1084 2 daqiqa
Avvalroq, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda elektr energiyasida keng ko‘lamli uzilishlar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hodisada Qozog‘iston va Qizg‘iziston bir-birini ayblamoqda. Bu haqda rasmiy idoralar munosabat bildirdi.
Qirg‘iziston Energetika vazirligi dastlab Qozog‘istondagi yuqori voltli tarmoqning tashqi o‘chishi ortidan Markaziy Osiyo energetika tizimi vaqtincha izolyatsiyalangan rejimga o‘tganini ma’lum qilgan.
Biroq keyinroq uzilishlarning sababi bo‘yicha yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Qozog‘istonning KEGOC kompaniyasiga ko‘ra, kecha, 14 avgust kuni Qirg‘izistondagi To‘qtog‘ul GESida ikki gidrogeneratorning avariyaviy o‘chishi Qozog‘iston energetika tizimidagi tranzitning ortiqcha yuklanishiga olib kelgan. Oqibatda Qozog‘istonning janubiy qismi yagona energetika tizimidan ajralib, Markaziy Osiyo energetika tizimida ham uzilish yuz bergan.
KEGOC ma’lumotlariga ko‘ra, avariya oqibatida Olmaota, Jambil, Turkiston, Qizilo‘rda va Jetisu viloyatlarida, shuningdek, Qarag‘anda, Ulitau va Abay viloyatlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Shu bilan birga, Qirg‘iziston Energetika vazirligi avtomatik himoya tizimi uskunalarni asrash maqsadida ishga tushganini bildirgan. Vazirlik elektr ta’minoti hozir shtat rejimida ekani va uzilgan abonentlar yo‘qligini ma’lum qilgan.
Qozog‘istondagi uzilishlar esa Olmaotada svetoforlarning ishdan chiqishi va yo‘llarda katta tirbandliklar yuzaga kelishiga ham sabab bo‘lgan. Keyinchalik elektr ta’minoti bir qator hududlarda to‘liq tiklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev quyosh va shamol elektr stansiyalar yuqori quvvat bilan ishlagan vaqtda hosil bo‘lgan ortiqcha quvvatlarni eksport qilish evaziga iqtisodiy samarani ko‘proq ko‘rish mumkinligini aytib o‘tgan edi.
Live
Barchasi