O‘zbekistonlik fohisha qiz haqidagi film Kann festivalida mukofotlandi
Madaniyat-san’at
−
12 iyun
77376Amerikalik rejissyor tomonidan suratga olingan o‘zbekistonlik fohisha qiz haqidagi film 77-Kann kinofestivalida “Oltin palma yaprog‘i” bilan taqdirlandi.
Filmning bosh qahramoni fohishalik bilan shug‘ullanadigan o‘zbek qizi sifatida tasvirlanadi. Kino bir necha kundan buyon turli munozaralarga sabab bo‘lyapti. IMDb reytingida esa 7,5 ball bilan baholangan. Qayd etish joizki, ushbu reytingda filmlarning 7 dan baland baholanishi yaxshi ko‘rsatkich.
Filmning nomi ham o‘zbek qizining ismi bilan atalgan – “Anora”. Amerikalik rejissyor Shon Beykerning ushbu kinosi komedik-drama janrida suratga olingan. Bosh rollarni Mayki Medison, Mark Eydelshteyn va Yura Borisov ijro etgan.
Filmning premerasi 2024 yil 21 may kuni 77-Kann kinofestivalida bo‘lib o‘tdi. Tomoshabinlar namoyish tugaganidan keyin 9 daqiqa davomida film ijodkorlarini olqishladi. Natijada kino 25 may kuni “Oltin palma yaprog‘i” bilan taqdirlandi.
Kinodagi voqealar Amerikaning Bruklin okrugida bo‘lib o‘tadi. Bosh qahramon Anora o‘zini Ani deb tanishtiradi. O‘zbek millatiga mansub 23 yoshli bu qiz tungi klubda raqqosa va fohisha bo‘lib ishlaydi. Ani klubda rus mayori Vanya bilan uchrashadi va rus tilida suhbatlashadi. Vanya qizni hashamatli uyga olib keladi. Yoshlar u yerda spirtli ichimliklar iste’mol qiladi va PlayStation o‘ynaydi. Keyinroq Vanya badavlat rus oligarxining o‘g‘li ekani ma’lum bo‘ladi. So‘ngra rus yigiti to‘satdan Aniga Las-Vegasga uchib ketish va turmush qurishni taklif qiladi. So‘zlarining isboti sifatida qizga to‘rt karatli olmosli uzukni sovg‘a qiladi. Ani bunga rozi bo‘ladi, ammo Zolushka haqidagi ertakni eslatuvchi bu hikoya baxtli yakun bilan tugamaydi. O‘g‘lining niyatidan xabar topgan oligarx va uning ayoli o‘g‘lini nikohni bekor qilishga ko‘ndirish uchun darhol Rossiyadan Nyu-Yorkka uchib keladi.
Film hali katta ekranlarga chiqmagan. Ammo kinotanqidchilar o‘z fikrlarini bildirishni boshladi. Xususan, rossiyalik taniqli kinoshunos Sergey Sichyov rejissyor Shon Beykerning ushbu filmini tanqid qildi. Mutaxassisning fikricha, film bugungi real hayotga nisbatan “oddiy va sodda ko‘rinadi”.
"Agar u 30 yil oldin suratga olinganida edi, juda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lardi", deydi Sichyov
Uning qo‘shimcha qilishicha, film tomoshabinga deyarli Rossiya haqida hech qanday tushuncha bermaydi. Shu sababdan ham kinoshunos filmga bosh qahramonlardan biri sifatida aynan rus yigiti tanlanganini ob’ektivlikdan yiroq, deb hisoblaydi. Uning bildirishicha, bu voqea nafaqat rus qahramoni, balki boshqa har qanday odam bilan sodir bo‘lishi mumkin edi – hamma joyda boylar bor, ularning bolalari ham sevgisiga yetisholmasligi mumkin. Shuningdek, Sichyov rejissyorning amerikalik bo‘la turib rus yigiti haqida film olgani ham kinoning kamchiligi ekanini urg‘uladi.
“U rus madaniyatiga singib ketgani dargumon. Yaxshiyamki, ular [film qahramonlari] har ikki daqiqada Pushkin yoki Dostoyevskiydan iqtibos keltirmaydilar – unda bundan ham yomoni bo‘lardi”, deydi tanqidchi.
Vaholanki, filmda asosiy e’tibor yigitga emas, qizga qaratiladi. U esa o‘zbek. Buning ustiga intim hayot vakilasi sifatida talqin qilinmoqda. Xo‘sh, ushbu filmdan o‘zbek kinotanqidchilari ham xabar topdimikan? O‘zbek qizining bunday talqin etilishi va butun dunyo kinoekranlarida millionlab tomoshabinlarga shunday taqdim etilishiga madaniyat va kinematografiya vakillari qanday munosabat bildiradi?
Har holda o‘zbek qizi haqida doim ham film suratga olinib, Kannda namoyish etilmaydi, “Palma yaprog‘i” bilan taqdirlanmaydi. Ushbu filmdan so‘ng qolgan taassurot butun dunyo tomoshabinlarida o‘zbek qizining stereotipi sifatida shakllanib qolmasmikan, degan savol o‘ylantiradi.