Eronlik taniqli rejissyor filmi sabab 8 yilga qamaldi
Madaniyat-san’at
−
09 may
12252Eronlik mahoratli rejissyor Muhammad Rasulof suratga olgan filmi sabab sakkiz yillik qamoq, qamchi va jarima jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, uning mulki musodara qilingan. Bu haqda rejissyorning advokati Babak Pakniya o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rasulofning “Muqaddas anjir urug‘i” filmi Kann kinofestivalida ishtirok etish uchun tanlangan. Ammo u mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi jinoyatlar sodir etishni aks ettiruvchi hujjatli filmlar ishlagani sabab hibsga olingan.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, dastlab suratga olish guruhi, aktyorlar va rejissyor so‘roqqa chaqirilgan va ularning mamlakatdan chiqib ketish taqiqlangan. Shundan so‘ng, ular litsenziyasiz suratga olishda, shuningdek, aktrisalar noto‘g‘ri hijob kiyganlikda ayblangan.
Bu rejissyorning birinchi marta bunday ayblovlar bilan qo‘lga olinishi emas. U 2010 yilda ruxsatsiz suratga olganlikda ayblanib, hibsga olingan. Avvaliga u olti yilga ozodlikdan mahrum qilingan, biroq keyinroq jazo bir yilga qisqartirilgan.
2017 yilda Rasulofga mamlakatdan chiqish taqiqlangan. 2022 yildan 2023 yilgacha hukumatni qoralagan izohlari uchun qamoqqa olingan, biroq sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli muddatidan oldin ozod etilgandi.
Ma’lumot uchun, Muhammad Rasulof kino sohasidagi ko‘plab mukofotlar laureati va sovrindori hisoblanadi. Jumladan, 2020 yilda u “Yovuzlik mavjud emas” asari uchun Berlin kinofestivalining “Oltin ayiq” mukofotini qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda “nomaqbul” hijob kiygani sabab hibsga olingan va o‘ldirilgan 22 yoshli Mahsa Amini haqida yozgan maqolasi sabab 2 nafar jurnalist qamoq jazosiga hukm qilingandi.
LiveBarchasi