Urushning o‘ninchi kuni: Ukrainada nimalar bo‘ldi? (fotoreportaj)
Olam
−
06 mart 2022
21223Kecha, 5 mart — Rossiya Ukrainaga bostirib kirganining o‘ninchi kunida tomonlar tinch aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklarni ta’minlash maqsadida janubi-sharqda qamal qilingan hududlarda “sukunat rejimi” bo‘yicha kelishib oldi. Ammo kechga yaqin tomonlar bir-birlarini ushbu rejimni buzganlikda aybladi.
Ukraina Rossiya Mariupol va uning atrofini o‘qqa tutishda davom etayotgani haqida xabar berdi. Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi hujumning davom etishini e’lon qildi.
Poytaxt Kiyevda rossiyalik mahbuslarning matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, Lvovda evakuatsiya davom etmoqda.
Shahar ob’ektlari o‘qqa tutishga tayyorlana boshlangan — tarixiy binolarning derazalari yopilmoqda, haykallar yong‘inga chidamli materiallarga o‘ralmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri 351 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, aholi o‘rtasida yaradorlar soni 707 nafarga yetgan ( 36 nafari bolalar).
Quyida urushning o‘ninchi kunining asosiy fotosuratlarini ko‘rishingiz mumkin:
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi