Urushning oxiri ko‘rinmayapti. Lavrov Ukrainaga sharmandali talablar qo‘yilishini aytdi
Olam
−
03 mart 2022
30697Rossiyaning Ukraina bilan muzokaralardagi pozitsiyasi ma’lum bo‘ldi. RF Tashqi ishlar vaziri e’lon qilgan pozitsiya urush hali uzoq davom etishiga ishora qilmoqda.
Lavrovga ko‘ra, Rossiya Ukrainadan Qrimning qo‘ldan boy berilganini, DXR va LXR mustaqilligini shu nomdagi viloyatlar hududida tan olishini kutmoqda.
“Qrim – Rossiyaning bir qismi. Donetsk va Lugansk xalq respublikalari [mustaqilligi] ning Donetsk va Lugansk viloyatlari chegaralarida tan olinishi. Parametrlarga ega bo‘lishi kerak bo‘lgan demilitarizatsiya. Bular hali kelishib olinishi kerak”, degan u “Al-Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida.
Lavrovning ta’kidlashicha, u yerda (Ukrainada – tahr.) Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga tahdid soladigan qurollar umuman bo‘lmasligi kerak.
“Denatsifikatsiya. Xuddi fashistik Germaniya duchor bo‘lganidek. Ukrainada neonatsistlar harbiy jinoyatchilar portretlari ostida marsh o‘tkazib, qanday erkinlikdan foydalanayotganini ochiq manbalardagi videolardan yana bir bor tomosha qilishga chaqiraman”, degan Lavrov.
Ukrainaning RF Tashqi ishlar vaziri ilgari surayotgan talablarga rozi bo‘lishi ehtimoldan yiroq. Hech bir suveren davlat bunday shartlarga rozi bo‘lmagan bo‘lardi. Shundan kelib chiqib, urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘tkazilishi kutilayotgan muzokaralar natija berishi ham amri maholdek ko‘rinmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi