Urushdan madori quriyotgan Ukrainani qayta tiklashga qancha pul ketishi aytildi
Olam
−
16 mart 2022
22735Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hozir Ukrainada tajovuzkor harakatlar oqibatida vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash uchun 500 milliard AQSH dollaridan ortiq mablag‘ kerak. Bu haqda Ukraina Bosh vaziri Denis Shmigal Polsha, Sloveniya va Chexiya hukumatlari rahbarlari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilgan.
Bu uchrashuvda, xususan, kelajakda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
“Gap Yevropa Ittifoqi allaqachon kuchli qo‘llab-quvvatlayotgani haqida bormoqda. Va bu yerda vakillik qilingan har bir davlat yordam qo‘lini cho‘zadi. Biz Ukrainani qayta tiklashni moliyalashtirish nuqtayi nazaridan yordam kutamiz. Biz butun dunyoni Ukrainaga ushbu urushni tugatishga, davlatimizni qayta tiklash uchun zaxirani to‘ldirishga yordam berishga chaqiramiz. Biz butun dunyo bo‘ylab o‘nlab davlatlar va millionlab odamlar Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordam uchun minnatdormiz”, deydi Bosh vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina hukumatida Rossiya agressiyasi natijasida iqtisodiyotga yetkazilgan zararlarni baholash bilan shug‘ullanuvchi tegishli guruh allaqachon tuzilgan va ishlamoqda.
“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda Ukraina uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri bir martalik yo‘qotishlar 565 milliard dollardan oshadi. Aslida, bu bizning davlatimizni tiklash uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar – ham Rossiya Federatsiyasining repatriatsiyasi, ham bizning sheriklarimiz hisobidan", deydi Shmigal.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina hukumati Rossiyaning xorijdagi mablag‘lari va mulki hibsga olinishini ta’minlashga harakat qiladi.
"Biz hamkor davlatlar ham ushbu ulkan rejaga qo‘shilishlariga ishonamiz", deydi u.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi