Urushda yangi front ochilishi mumkin. Ukraina Pridnestrovedagi rus qo‘shinlari faollashganini aytmoqda
Olam
−
02 aprel 2022
14042Pridnestrovedagi (Moldova hududi) rus qo‘shinlari kelgusida Ukraina uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tarzda o‘z joyini o‘zgartirmoqda. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining bugun, 2 aprel kuni e’lon qilgan hisobotida aytiladi.
Ukraina Qurolli Kuchlari Ukraina chegarasida provokatsiyalar va namoyish harakatlarini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan “PMR” (Pridnestrove-Moldaviya Respublikasi) dagi Rossiya qo‘shinlari bo‘linmalarini jalb qilish bo‘yicha ishlar kuchaytirilganini e’lon qilgan.
“Rossiya qo‘shinlari va Pridnestrove-Moldova Respublikasi deb ataluvchi respublika bo‘linmalarining qayta joylashtirilishi Ukrainaga qarshi hujumga va ehtimol, harbiy amaliyotlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida qayd etilgan”, deyiladi xabarda.
Rossiyaning Pridnestrovedagi qo‘shinlarini Ukrainaga kiritishi janubi-g‘arbiy yo‘nalishda yangi front ochilishini anglatadi.
Pridnestrove-Moldaviya Respublikasi – Sharqiy Yevropadagi tan olinmagan davlat. Moldova yerlarida tashkil etilgan va asosan Dnestrning chap qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Benderi shahrini ham o‘z ichiga oladi. U Moldova va Ukraina bilan chegaradosh.
Tan olinmagan respublika 1992 yil 7 iyul kuni Moldova va tan olinmagan Pridnestrove hududidagi kuchlar o‘rtasida ziddiyat avj olishi ortidan tashkil topgan. Mojaro avj olganda Rossiya o‘rtaga tushib, Moldova hukumati bilan nizoni tinch yo‘l orqali hal qilish uchun kelishuv imzolagan. Tez orada Rossiya harbiylari “tinchlikparvar kuchlari” nomi ostida Benderi va Dubossariga kiritilgan. 1992 yil 2 avgust kuni Rossiya qoziligida ikki tomon o‘zaro kelishuvga erishgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi