Urush Qrimda boshlangan – Zelenskiy qirg‘inbarot tugashiga doir muhim bayonot berdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiyaning Ukrainaga va butun ozod Yevropaga qarshi urushi Qrimdan boshlandi va Qrimni ozod qilish bilan yakunlanishi kerak. Bu haqda kecha, 9 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy an’anaviy videomurojaatida aytib o‘tdi.

“Rossiya har doim Yevropaning eng yaxshi joylaridan biri bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladigan yarimorolimizni Yevropaning eng xavfli joylaridan biriga aylantirdi. Rossiya Qrimga katta repressiyalar, ekologik muammolar, iqtisodiy turg‘unlik va urush olib keldi”, deydi u.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, “Rossiya Qrimdan terror maqsadida foydalangani uchun qancha odam halok bo‘lganini tarixchilar bir kun kelib aniqlaydilar”.

“Qrimda rus bosqinchilarining mavjudligi butun Yevropa va global barqarorlikka tahdiddir. Qrim ishg‘ol qilingan paytda Qora dengiz mintaqasi xavfsiz bo‘la olmaydi. Rossiya yarimorolimizdan harbiy baza sifatida foydalanishi mumkin ekan, O‘rtayer dengizi sohilidagi ko‘plab mamlakatlarda barqaror va mustahkam tinchlik bo‘lmaydi”, degan Zelenskiy.

Zelenskiy Qrimni ozod qilish bo‘yicha ish olib borish uchun asosiy diplomatik platforma bo‘lgan Qrim platformasini eslagan.

“Qrim platformasi bu yil ham ishlaydi. Biz bu sammitga hozirdan tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “dunyo 2014 yilda Rossiyaning birinchi agressiv qadamlariga to‘liq javob bermaslikka qaror qilgani noto‘g‘ri ekanini tan ola boshladi”.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

57

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing