Urush butun Ukrainaga yoyildi – IIV

Olam

image

Bugun Ukrainaning barcha burchaklarida istisnosiz aniq harbiy tahdid bor. Bu haqda Ukraina Ichki ishlar vaziri Denis Monastyrskiy aytib o‘tdi.

IIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, dushman diversantlari mamlakatning turli mintaqalarida qo‘lga olinmoqda.

“Afsuski, bugungi kunda Ukrainada aniq harbiy tahdid bo‘lmagan joy qolmadi. Biz endi o‘qqa tutilmagan yoki sabotaj guruhlari vakillari bo‘lmagan hududlar bor deyolmaymiz. Afsuski, bu hodisa allaqachon biz uchun odatiyga aylandi. Masalan, Kiyevda men har kuni dushman sabotaj-razvedka guruhlari va o‘t ochishni muvofiqlashtiruvchilar hibsga olingani haqida ma’lumot olaman. Ular Lvov viloyati, Ivano-Frankovsk viloyati, Rivne viloyatida ham mavjud. Bu muammo bugun hamma joyda mavjud”, degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, AQSH razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushning 20 kunida 7 mingdan ortiq askarini yo‘qotgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukrainaga bosqin Rossiya -Ukraina urushi

Baholaganlar

70

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing