Urush boshlangandan beri Rossiyaning qancha boyligi Yevropada muzlatilgani ochiqlandi
Olam
−
12 iyul 2022
113892022 yil 24 fevraldan boshlab Yevropa Ittifoqi rossiyalik milliarderlar, Ukrainadagi urush tufayli sanksiyalar qo‘llanilgan jismoniy va yuridik shaxslarning 13,8 milliard yevro miqdoridagi aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Adliya masalalari bo‘yicha Yevropa komissari Dide Reynders Pragada Yevropa Ittifoqi Adliya vazirlari yig‘ilishi oldidan jurnalistlarga ma’lum qildi, deb xabar berdi “Reuters” agentligi.
Muzlatilgan aktivlarning katta qismi – 12 milliard yevrodan ko‘prog‘i Yevropa Ittifoqining beshta davlatiga to‘g‘ri keldi, ammo Reynders bu mamlakatlar nomini oshkor qilmagan. U blokning qolgan davlatlarini Rossiya aktivlarini muzlatish borasidagi sa’y-harakatlarini kuchaytirishga chaqirgan.
Iyun o‘rtalarida Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner mamlakatda muzlatilgan Rossiya aktivlarining qiymatini 4,48 milliard yevroga baholagandi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi ham Rossiya Markaziy bankining taxminan 23 milliard yevro miqdoridagi aktivlarini muzlatib qo‘ygandi.
Rossiya hukumati Ukrainada “maxsus operatsiya” boshlanganidan so‘ng, Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralaridan chet elda jami 300 milliard dollar bloklanganini aytdi. Ahamiyatlisi, urushdan oldin bu zaxiralarning umumiy hajmi 600 milliard dollardan oshgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi