Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi masalasida qaror qabul qilindi 

Olam

image

Kecha, 10 mart kuni Versalda (Fransiya) Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda muhokama qilingan eng munozarali masalalardan biri Ukrainaning YeIga kirish istagi bo‘ldi. 

Bu masala yuzasidan yopiq eshiklar ortidagi muhokama 5 soat davom etdi. 

“Yevropa Kengashi Ukrainaning Yevropa intilishlari va Yevropa tanlovini tan oldi. 2022 yilning 28 fevralida Ukraina Prezidenti Ukrainaning o‘z taqdirini tanlash huquqidan foydalangan holda, mamlakatini ushbu ittifoqqa qo‘shish uchun ariza berdi. Yevropa Ittifoqi Kengashi zudlik bilan Komissiyaga ushbu ariza bo‘yicha o‘z fikrini taqdim etishni taklif qildi. Ayni damda, ushbu xulosa qabul qilinmaguncha, biz aloqalarimizni yanada mustahkamlaymiz va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun sherikligimizni chuqurlashtiramiz. Ukraina bizning Yevropa oilamizga tegishli”, deyilgan qabul qilingan qarorda. 

Qaror oldingi tahrirlarga nisbatan Ukraina uchun bir qator ijobiy o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan. Biroq unda Ukraina so‘ragan “tezkor jarayon”ga ijobiy yoki salbiy munosabat berilmagan. 

Ta’kidlanishicha, sammitda ishtirok etgan va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishining asosiy himoyachilaridan biri bo‘lgan Litva Prezidenti Gitanas Nauseda bu qarordan mamnun bo‘lgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

135

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing