Ukrainaning sobiq Prezidenti Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirdi

Olam

image

Ukrainaning sobiq Prezidenti Pyotr Poroshenko Britaniya va xalqaro doiralarni Rossiyaga qarshi kengroq sanksiyalar joriy etishga chaqirdi. U bu haqda Buyuk Britaniyaning BBC telekanaliga bergan intervyusida gapirgan.

Siyosatchi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning pozitsiyasini nomaqbul deb atadi. 

Poroshenkoning ishonchi komilki, butun Rossiya bank sektori xalqaro bank tizimidan chiqarib tashlanishi kerak. 

Sobiq davlat rahbari Visa va Mastercard to‘lov tizimlari tomonidan Putinning yaqin doiralariga nisbatan qo‘yilgan taqiqni eslatib o‘tdi va bu choralar Rossiyaning barcha moliyaviy tuzilmalariga tatbiq etilishini talab qildi. 

Poroshenkoning ta’kidlashicha, Ukraina xalqi Rossiyani qo‘lida qurol bilan hududiga kirib borishiga yo‘l qo‘ymaydi va har qanday holatda ham o‘zini himoya qiladi. 

Poroshenko rossiyalik harbiylarning Kiyevni o‘rab olishga urinishlari haqida gapirar ekan, “(Putin) shaharni o‘rab olishi, elektrni o‘chirishi mumkin, lekin u Ukraina ruhini sindira olmaydi”, degan. 

Poroshenko Rossiya Qurolli kuchlarining so‘nggi 3 kun ichida Kiyevga qilgan hujumlari hech qanday natija bermaganini eslatdi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing