Ukrainaning ayrim shaharlarida oziq-ovqat zaxirasi tugayapti
Olam
−
22 mart 2022
9711Ukrainaning ayrim shaharlarida faqatgina 3-4 kunga yetarli oziq-ovqat qoldi. Mamlakatda gumanitar tizim “butunlay vayron qilingan”. Bu haqda “Mehr-shavqat korpusi” (Korpus miloserdiya) hayriya tashkiloti ma’lum qildi.
“Hozirgi kunda bizning eng katta tashvishlarimizdan biri bu ta’minot zanjirining zaifligi. Biz bilamizki, eng shiddatli janglar ketayotgan hududlardagi aksariyat munitsipalitetlarda oziq-ovqat kabi zaruriy narsalar uch-to‘rt kunga yetadi”, deydi Xarkovda istiqomat qiluvchi tashkilot xodimi Stiv Gordon.
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Xarkov va Sum aholisining kamida 70 foizi butunlay gumanitar yordamga muhtoj.
Shuningdek, Ukraina Bosh shtabi bugun, 22 mart Kiyev vaqti bilan 6:00 holatiga ko‘ra rasmiy ma’lumot tarqatdi.
Bosh shtab xulosasida qayd etilishicha, Ukraina hududiga kirgan rossiyalik harbiylar hali ham qo‘shinlar bilan ta’minlashda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.
Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh shtabining ma’lum qilishicha, mamlakatga hujum qilgan Rossiya qo‘shinlarida uch kunga ham yetmaydigan o‘q-dori zaxirasi qolgan. Bundan tashqari, Rossiya qo‘shinlarining harbiy texnikasi uchun yoqilg‘i bilan ta’minlashda ham muammolar mavjud.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi
LiveBarchasi