Ukrainalik oligarx Rossiyani sudga berdi

Olam

image

Ukrainalik oligarx Rinat Axmetov Rossiyaga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda bugun, 27 iyun kuni u aksiyador bo‘lgan System Capital Management (SCM) kompaniyalar guruhi matbuot xizmati ma’lum qildi.

“Ukrainalik tadbirkor, System Capital Management guruhi asoschisi va aksiyadori Rinat Axmetov bugun Yevropa Inson huquqlari sudiga mulk huquqini qo‘pol ravishda buzgani uchun tovon undirish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasiga ustidan da’vo arizasi berganini ma’lum qildi. Rossiya Qurolli Kuchlari nishonga olgan “Azovstal” va boshqa ko‘plab sanoat korxonalari egasi sifatida janob Axmetov Rossiyani javobgarlikka tortish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda”, deyiladi xabarda.

Ushbu shikoyatga qo‘shimcha ravishda, Axmetov “Rossiya SCM korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan don va po‘latni boshqa joyga yo‘naltirish hamda yo‘q qilish”ning oldini oladigan shoshilinch vaqtinchalik choralar ko‘rishni so‘rab sudga murojaat qilgan.

2000 yilda tashkil etilgan SCM Group tarkibiga “Metinvest”, DTEK, “Media Gruppa Ukraina” va boshqa bir qator kompaniyalar kiradi. Ular Ukrainada, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va Shimoliy Amerikada joylashgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

12

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing