Ukrainalik qochqinlarning AQSHga kirishi oson bo‘lmaydi – WSJ
Olam
−
03 aprel 2022
10231Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi ukrainalik qochqinlar Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tishda duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar haqida yozdi. Unda aytilishicha, Jo Bayden ma’muriyati hozirgacha yordam berilgan afg‘onlarning birortasiga kirishga ruxsat bermagan.
Nashrning qayd etishicha, qiyinchiliklar qattiq talablar va tizimli nosozliklar tufayli yuzaga keladi.
“Afg‘onistonliklarga kelsak, mamlakatning 16 mingga yaqin fuqarosi ustuvor dasturda ishtirok etish uchun ariza bergan, biroq ularni ko‘rib chiqish hali boshlang‘ich bosqichda” deyilgan xabarda.
Gazetaning yozishicha, ko‘chirish bo‘yicha mutaxassislar, ehtimol, ukrainaliklarning kirishini tasdiqlash tezroq bo‘ladi, deb hisoblamoqda.
“Ukraina haqida gap ketganda, biz faqat Bayden ma’muriyati afg‘onlarnikidan boshqacha yo‘l tutishini so‘rashimiz mumkin”, degan AQSHdagi yahudiylarni joylashtirish tashkiloti rahbari Mark Xetfild.
Shu bilan birga, gazetaning qayd etishicha, afg‘onlar tajribasi Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun “ibratli”.
Ma’lumot o‘rnida, Oq uy Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi vaziyat tufayli 100 minggacha qochqinni qabul qilmoqchi ekanligini ma’lum qilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi