Ukrainaga yuborilgan qurollar konvoyi nishonga aylanadi – Ryabkov
Olam
−
12 mart 2022
24135Ukrainani G‘arb davlatlari qurollari bilan to‘ldirish faqat vaziyatni murakkablashtiradi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov aytib o‘tdi.
“Biz AQSHni Ukrainaga ular tomonidan uyushtirilgan tarzda bir qator davlatlardan qurol-yarog‘ yuborishi shunchaki xavfli harakat emas, balki tegishli konvoylarni qonuniy nishonga aylantiruvchi harakat ekanligi haqida ogohlantirdik”, deydi vazir o‘rinbosari.
Ryabkovning so‘zlariga ko‘ra, portativ zenit-raketa komplekslari va tankga qarshi raketa tizimlari kabi qurol turlarining Kiyevga “o‘ylamasdan uzatilishi” yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Uning ta’kidlashicha, Rossiya ogohlantirishlarini AQSH jiddiy signal sifatida qabul qilmayapti.
“Xalqaro maydonda maksimal keskinlik manbai aynan Qo‘shma Shtatlardir. Men hali ular moddiy jihatdan nima qilayotgani yoki “jinoiy Kiyev rejimini” qo‘llab-quvvatlayotgani haqida gapirmayapman”, deya xulosa qilgan Ryabkov.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi