Ukrainaga yordam, Xitoyga bosim. NATO liderlari nimalarni muhokama qiladi?

Olam

image

NATO yetakchilari bugun, 24 mart kuni Bryusseldagi favqulodda sammitda Rossiya chegaralari yaqinida o‘z harbiy guruhlari sezilarli va uzoq muddatli mustahkamlanishini e’lon qiladi. Bu haqda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ma’lum qilgan. 

Alyans, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni videoaloqa orqali tinglaydi va Ukrainaga qo‘shimcha qurol-yaroq yetkazib berishga va’da beradi. Biroq bu mamlakatga qo‘shin jo‘natmaydi yoki Ukrainaning ayrim qismlarida parvozlar taqiqlangan hudud yaratishga urinmaydi. 

NATO yetakchilari, shuningdek, ularning fikricha, Rossiyaning Ukrainadagi denatsifikatsiya operatsiyasini qo‘llab-quvvatlayotgan Xitoy va Belarusga bosimni muhokama qilish niyatida. Bundan tashqari, alyans yetakchilari mandati sentyabrda tugaydigan, ammo ittifoq mamlakatlari keskin inqiroz sharoitida o‘zgartirishni istamaydigan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning vakolatlarini bir yilga uzaytirish imkoniyatini muhokama qiladi. 

Stoltenbergga ko‘ra, alyans o‘z mudofaasini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilmoqchi. 

“Men yetakchilardan NATOning barcha sohalarda pozitsiyasini mustahkamlashga rozi bo‘lishini kutaman. Birinchi qadam — Bolgariya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiyada NATOning to‘rtta jangovar guruhini joylashtirish. Boltiqbo‘yi va Polshada allaqachon mavjud kuchlar bilan bir qatorda, bu Boltiqbo‘yidan Qora dengizgacha bo‘lgan sharqiy qanot bo‘ylab sakkizta jangovar guruhga ega bo‘lishimizni anglatadi”, degan Stoltenberg.

Uning qo‘shimcha qilishicha, uzoq muddatli istiqbolda “ittifoqning mudofaa tizimi qayta tiklanishi kerak, chunki NATO bugun xavfsizlik sohasida yangi haqiqatga duch kelmoqda”. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropada 100 mingga yaqin AQSH askari, shuningdek, NATOning bevosita qo‘mondonligi ostida, asosan, alyansning sharqiy qismida 40 ming harbiy xizmat qilmoqda. 

Intervensiyaga taqiq 

Shimoliy Atlantika alyansi o‘z xavfsizligini mustahkamlagan holda Ukrainaga na qo‘shin yuboradi, na u yerda parvozlar taqiqlangan hudud yaratishga harakat qiladi. 

“NATO mojaroning bir qismi emas, lekin Ukrainaga yordam beradi. NATO Ukrainaga qo‘shin yubormaydi. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlash muhimligini tushunishimiz kerak, lekin Rossiya Federatsiyasi va NATO o‘rtasidagi urushning oldini olish ham muhim. Shuning uchun biz Ukrainaga qo‘shin yubormasligimizni aniq aytdik”, deydi Stoltenberg. 

Bundan tashqari, Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, NATO Ukraina uzra parvozlarni taqiqlovchi hudud yaratish imkoniyatini istisno qilishda davom etmoqda, chunki bu Rossiya bilan urush degani. Uning ta’kidlashicha, parvozlar taqiqlangan hududning tashkil etilishi bilan “NATO Rossiya samolyotlarini urib tushirishiga to‘g‘ri keladi”. 

“Biz buni qilmasligimizni aytdik, chunki bu NATO va Rossiya o‘rtasida urushga olib keladi deb o‘ylaymiz. Biz jangovar harakatlar Ukraina chegarasidan tashqariga chiqmasligi hamda NATO va Rossiya o‘rtasida mojaro kelib chiqmasligi uchun javobgarmiz. Bu yanada ko‘proq o‘lim va vayronagarchilikka olib keladi”, degan Bosh kotib. 

Ko‘proq qurol 

Ta’kidlanishicha, NATO Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, uni harbiy ta’minot, siyosiy, moliyaviy va axborot ko‘magi bilan ta’minlaydi. 

“O‘tgan oyda ittifoqchilar [Ukrainaga] tankga va havo hujumiga qarshi tizimlar, dronlar, yoqilg‘i va o‘q-dorilar hamda moliyaviy yordam ko‘rsatish orqali harbiy yordamni kuchaytirdi hamda millionlab qochqinlarni qabul qildi. Umid qilamanki, ittifoqchilar qo‘shimcha yordam berishga rozi bo‘ladi”, degan Stoltenberg. 

Shuningdek, u NATO davlatlari allaqachon Ukrainaga katta yordam ko‘rsatganini, xususan, “2014 yildan buyon o‘n minglab ukrainalik askarlarni o‘qitganini, hozir esa ular front chizig‘ida” ekanini ta’kidlagan. 

Stoltenbergning aytishicha, alyans yetakchilari Bryusseldagi sammitda Ukrainaga kiberxavfsizlik sohasida qo‘shimcha yordam, shuningdek, uni kimyoviy va biologik hujumlardan himoya vositalari bilan ta’minlashga qaror qiladi. 

Kimyoviy tahdid

Ukrainani biologik tahdidlardan himoya qilish vositalari bilan ta’minlash haqida gapirar ekan, Stoltenberg Ukrainada joylashgan, Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan e’lon qilingan hujjatlarga ko‘ra, xavfli patogenlar bo‘yicha tadqiqot olib borgan AQSH biologik laboratoriyalari haqida bir og‘iz ham gapirmagan. 

Shu bilan birga, Stoltenberg Rossiya Ukrainada kimyoviy qurol qo‘llashi mumkinligini taxmin qilgan. 

Stoltenbergning bayonotlari NATOning bir qator boshqa yetakchilari, xususan, AQSH Prezidenti Jo Baydenning xuddi shu mavzudagi bayonotlari bilan hamohang bo‘lgan. 

“Kimyoviy quroldan foydalanish mojaroning mohiyatini butunlay o‘zgartiradi. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan bo‘lib, xalqaro huquqni buzadi va keng ko‘lamli oqibatlarga olib keladi”, deydi NATO Bosh kotibi. 

Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, NATO Rossiyaning Ukraina kimyoviy moddalar bilan provokatsiyalar tayyorlayotgani haqidagi ogohlantirishlaridan xabardor, ammo ularni yolg‘on deb biladi. 

NATO Bosh kotibi o‘z nutqida, shuningdek, Rossiya “kimyoviy reagentlardan allaqachon foydalangani va Suriyada kimyoviy quroldan foydalanishni soddalashtirib, [Suriya Prezidenti Bashar] Asadni qo‘llab-quvvatlagani”dan xavotir bildirgan. Shu bilan birga, u Sergey Skripal va uning qizining zaharlanishi bilan bog‘liq voqeani, shuningdek, Aleksey Navalniy bilan bo‘lgan voqeani nazarda tutgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing